date
views 31

Sergey Lushan: «Professional futbolchi «Real»ga ham, «Oqtepa»ga ham birdek tayyorlanishi shart»

Sergey Lushan: «Professional futbolchi «Real»ga ham, «Oqtepa»ga ham birdek tayyorlanishi shart»
O‘zbekiston kubogining ikkinchi bosqichidan o‘rin olgan «Oqtepa» va «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng, mehmonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashib, o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bugun juda asabiy va murakkab o‘yin bo‘ldi. Jamoamiz ko‘plab qulay vaziyatlarni golga aylantira olmadi. Hammasidan ko‘ra, raqibga darvozamizni ishg‘ol qilish imkonini bermaganimiz yaxshi bo‘ldi. Lekin g‘alaba uchun albatta gol urish zarur. Bugungi bahsda biz kamida 8 ta yaqqol vaziyat yaratdik, afsuski, birortasidan ham foydalana olmadik. Hozircha maydonga tushish imkoniyatidan uncha ko‘p foydalanmayotgan futbolchilarimizga ishonch bildirdik. Ularning ayrimlari yaxshi o‘yin namoyon etdi, ba’zilaridan esa bundan ko‘proqni kutayotgandim. Vaziyatlarni boy berish emas, balki ulardan foydalanish zarur. Biz shu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz», — dedi murabbiy.

— Balki, jamoaning o‘yiniga sun’iy maydonning ta’siri bordir?

— Ha, buni tushunib turibmiz. Shuning uchun ikki kun davomida sun’iy maydonda mashg‘ulot o‘tkazdik va futbolchilar bu yerda o‘ynashga qisman ko‘nikib qolishdi. Bugungi uchrashuvning dastlabki 15-20 daqiqasida maydonga moslashish borasida qiyinchilik bo‘ldi. Lekin boshqa jamoa ham aynan shu maydonda o‘ynayapti. Demak, bunga professional tarzda moslashish va bahsni yuqori darajada o‘tkazish kerak edi. Bugungi o‘yin haqiqiy asabiy kurash ostida kechdi. O‘yinning oxirgi daqiqalari esa ayniqsa keskin bo‘ldi.

— Bugun tarkibda yoshlarga ko‘proq imkon berdingiz. Asosiy tarkib futbolchilarini asrash maqsadidami?

— Ha, albatta. Hozir jamoamizda jarohat bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud. Masalan, Zabihillo O‘rinboyevga sun’iy maydonda o‘ynash umuman man etilgan. Shuningdek, Jiyanovda ham jarohat sababli o‘ynash imkoni cheklangan. Pedroning ham ahvolini yana bir bor ko‘rib chiqishimiz kerak. Shu sababli bugun asosiy tarkibning aksariyat qismiga dam berishni to‘g‘ri deb bildik. Sun’iy maydonda jarohat olish ehtimoli yuqori, uch kundan keyin esa yana muhim o‘yinimiz bor.

— "Oqtepa" kabi raqibga qarshi ruhiy tayyorgarlik ko‘rish qiyinchilik tug‘dirmadimi?

— Men bunaqa savollarni tushunmayman. Agar futbolchi bu kasbni tanlagan bo‘lsa, demak u har qanday raqibga qarshi bir xil darajada ruhiy tayyorgarlik ko‘rishi lozim. «Real» bilan o‘ynaydimi yoki «Oqtepa» bilan – buning ahamiyati yo‘q. Kim bunga tayyor bo‘lmasa, marhamat qilib, boshqa kasb bilan shug‘ullanishi mumkin. Futbolchi professional bo‘lishi kerak, u ana shu uchun maosh oladi, — deya keskin fikr bildirdi «Navbahor» ustozi Sergey Lushan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sergey Lushan: «Professional futbolchi «Real»ga ham, «Oqtepa»ga ham birdek tayyorlanishi shart»