date
views 108

O‘zbekistonlik shaxmatchilar jahonning kuchli 100 taligida: kim qanday natija qayd etdi?

O‘zbekistonlik shaxmatchilar jahonning kuchli 100 taligida: kim qanday natija qayd etdi?
Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) may oyi uchun reytinglarni e’lon qildi. O‘zbekistonlik grossmeysterlar yangilangan reytingda yuqori pog‘onalarda o‘z o‘rinlarini saqlab qoldi. Hozirda jahonning kuchli 100 shaxmatchisi orasida 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi bor.

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi Nodirbek Abdusattorov may oyida ham o‘zining yuqori mavqeini saqlab qoldi. Grossmeysterning ochkolari biroz tushib, 2771 ballni tashkil etdi va u jahon reytingida 6-pog‘onada turibdi.

Yana bir iqtidorli grossmeyster Javohir Sindorov may oyi reyting yangilanishida bir pog‘ona pastlab, 31-o‘ringa tushdi. Uning hisobidagi ochkolar soni 2706,1 ballni tashkil etadi. Ta’kidlash joizki, yosh shaxmatchilar reytingida Sindorov uchinchi o‘rinni mustahkam ushlab turibdi.

Tajribali grossmeyster Rustam Qosimjonov 2675 ball bilan bu oyda ikki pog‘onaga pastlab, reytingda 48-o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonning yana bir iqtidorli shaxmatchisi Nodirbek Yakubboyev esa may oyida o‘z natijasini yaxshilab, 2665 ball bilan jahon reytingida bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Hozirda Yakubboyev 60-pog‘onani egallab turibdi.

Shamsiddin Vohidov uchun aprel oyi qiyin kechgandi va u may oyida ham pastlashda davom etdi. Hozir u 2641 ochko bilan jahon reytingida 86-o‘rinda qoldi.

Hozirda o‘zbek shaxmatining eng yaxshi 10 nafar grossmeysteri quyidagicha shakllangan:

1. Nodirbek Abdusattorov (2771)
2. Javohir Sindorov (2706)
3. Rustam Qosimjonov (2675)
4. Nodirbek Yakubboyev (2665)
5. Shamsiddin Vohidov (2641)
6. Jahongir Vohidov (2546)
7. Muhiddin Maddaminov (2520)
8. Abdimalik Abdisalimov (2519)
9. Muhammadzohid Suyarov (2491)
10. Jo‘rabek Hamroqulov (2474)

O‘zbekistonlik shaxmatchilarning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarda ekani, albatta, mamlakatimiz shaxmati uchun muhim yutuq sanaladi va bu boradagi yutuqlarning davom etishiga umid bildiriladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonlik shaxmatchilar jahonning kuchli 100 taligida: kim qanday natija qayd etdi?