
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze terma jamoaning bo‘lajak yig‘in masalasi bo‘yicha batafsil fikrlarini bildirib o‘tdi. Unga ko‘ra, terma jamoamiz uchun eng qulay variant sifatida BAAdagi «Jebel Ali» sport bazasi tanlab olingan.
«Avvaliga bir nechta variantni ko‘rib chiqqan edik. Ular orasida Qatar, BAA va hatto O‘mon variantlari ham bor edi. Lekin biz tezroq boradigan bo‘lib, iqlim va boshqa sharoitlarga moslashishni maqsad qildik. Ana shu maqsadda Amirliklarga tashrif buyurib, vaziyatni sinchiklab o‘rgandik. Buning uchun terma jamoalar bo‘limi rahbari va xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis ham biz bilan safarga bordi. Hamma zarur ma’lumotlar joyida o‘rganib chiqildi», – deydi Kapadze.
Unga ko‘ra, BAAning ichida ikkita qulay imkoniyat mavjud bo‘lgan. Birinchi variant poytaxt Abu-Dabida joylashgan bo‘lsa, ikkinchi variant esa Dubayga yaqinroq joydagi «Jebel Ali» bazasi bo‘lgan.
«Yakunga kelib, biz Dubay atrofidagi «Jebel Ali» sport kompleksida qaror qildik. Bu baza cho‘l hududida joylashgani bilan diqqatga sazovor va xavfsizlik jihatidan ham juda qulay ekan. Maydon atrofida baland binolar mavjud emas, mashg‘ulotlar paytida chetdan hech kim kuzata olmaydi. Bu esa biz uchun eng katta afzallik. Mashg‘ulotlar yopiq rejimda o‘tadi va jamoaning tayyorgarlik jarayoniga tashqi omillar ta’sir o‘tkazmaydi», – deb tushuntirdi murabbiy.
Shuningdek, u Abu-Dabi shahridagi bazalar ko‘p qavatli binolar bilan o‘ralgani sababli u yerda mashg‘ulotlarni yopiq tarzda o‘tkazish ancha mushkul ekanligini ta’kidladi.
«Biz turadigan mehmonxonadan «Jebel Ali» sport bazasigacha bor-yo‘g‘i 5 daqiqalik yo‘l bor. Bundan tashqari, baza infratuzilmasi ham juda yuqori darajada. U shahar markazidan taxminan 40 daqiqalik masofada joylashgan. Bu biz uchun qulay, chunki shu yo‘l bilan diqqatimiz faqat mashg‘ulotlarda bo‘ladi», – dedi Kapadze.
Shuningdek, u nega O‘mondagi yig‘in variantidan voz kechilganiga ham izoh berdi:
«O‘monda mashg‘ulotlarni o‘tkazish varianti ham bor edi, ammo bu yer bilan biz ancha kam tanishmiz. Sharoitlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas edik. Shuning uchun ishonchli va tajriba orttirganimiz BAAga to‘xtaldik», – dedi milliy terma jamoa bosh murabbiyi.
Timur Kapadzening qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda futbolchilar terma jamoaga turli vaqtlarda yetib keladi, shuning uchun tayyorgarlik rejasini juda puxta ishlab chiqish zarur. Legionerlar, xususan, Turkiya chempionatida ishtirok etayotgan o‘yinchilar esa 1 iyun kuni chempionatda so‘nggi tur uchrashuvlarini o‘tkazadilar. Bu esa ularning yig‘inga qo‘shilish muddatini belgilaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAdagi yig‘in orqali muhim musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston Terma JamoasiTimur KapadzeJebel AliBAA Yig‘inMashg‘ulotlarFutbolchilar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar