
Turkiya futbolida so‘nggi yillarda porlayotgan yosh yulduz — Arda Gyuler o‘z hayotidagi eng muhim qarorlardan biri bo‘lgan “Real Madrid”ga o‘tish jarayonini batafsil yodga oldi. Uning aytishicha, bu qaror nafaqat futbol jihatdan, balki shaxsiy hayotida ham tub burilish yasagan.
2023 yil yozida “Fenerbaxche” safidan madridliklar jamoasiga qo‘shilgan Arda, o‘sha vaqtda Turkiya terma jamoasiga chaqirilganidan so‘ng bir necha mashhur klublardan takliflar olganini aytadi. Ammo u faqat qalbini titratgan va ichida go‘yo nur yoqqan taklifgagina javob berishga qaror qilgan.
“Bir kuni otam menga: “Sen bilan bir taklif haqida gaplashishimiz kerak”, dedi. Men esa: “Menga har qanday taklifni aytma, agar u juda katta ahamiyatga ega bo‘lmasa”, deb javob qildim. Shunda otam: “Arda... bu – Real Madrid”, dedi”, – deydi Arda Gyuler.
Bu so‘zlar uni larzaga solgan: “Bu orzu edi. Biz otam bilan ko‘p o‘yladik. Ketishga hali erta emasmi? Chunki yana ko‘plab katta jamoalardan takliflar bor edi”, – deb eslaydi u.
Ammo vaziyatni tubdan o‘zgartirgan hal qiluvchi palla — jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelotti bilan "FaceTime" orqali amalga oshgan suhbat bo‘ldi.
“Ekranimda u paydo bo‘lganida gavayi ko‘ylakda, quyosh ko‘zoynagida edi — ehtimol, sigara ham bor edi. U juda samimiy tarzda gap boshladi: “Arda, bu yerda seni buyuk kelajak kutayotganiga ishon. Balki birinchi yili emas, lekin imkoniyatlar bo‘ladi. Modrich va Kroos faoliyatini yakunlaganida, sen maydonda ularning o‘rnini egallaysan”, – deb ayti.
Gyuler e’tirof etishicha, Modrich va Kroos singari futbol afsonalari bilan bir safda tilga olinish uning uchun haqiqiy sharaf bo‘lgan va suhbat paytida hatto so‘z topolmagan.
“Anchelotti mendan so‘radi: “Arda, va’da ber, sen Madridga kelasan. Va’da ber”. Men esa: “Albatta, janob”, dedim. Keyin u qo‘shimcha qildi: “Yana gaplashamiz. Hozir xotinim oldiga qaytishim kerak”, dedi. Haxa. Shunda men “qo‘shimcha vaqt” tugayotganini his qilgandek bo‘ldim. Suhbat tugashi bilan otamga qaradim va biz qarorni qabul qildik.”
Arda Gyulerning ta’kidlashicha, “Real Madrid” futbolchisi sifatida taqdim etilgan payt — uning uchun haqiqiy to‘y kabi esda qoldi. Uning shartnomasi 6 yillik bo‘lsa-da, bu munosabat butun hayotga tengdek tuyuladi.
“Onajonim yig‘laganida, ko‘z yoshlarini artib, uni yuzidan o‘pdim. Biz bu yergacha yetib kelish uchun juda ko‘p narsalardan voz kechdik. Endi orzumiz ro‘yobga chiqdi. Menda "PlayStation"da Aleks Xanter sifatida o‘ynashga pul yo‘q edi. Shuning uchun men u kabi futbolchi bo‘lishga hayotda harakat qildim,” – deb samimiy tarzda so‘zini yakunladi Gyuler.
Zero, futboldagi eng go‘zal voqealar nafaqat gollar va chempionliklar, balki insonning qalbini yugurtiradigan orzular ro‘yobidir. Arda Gyuler esa bu yo‘ldagi ilk qadamni to‘p emas, balki yurak bilan bosdi.
Arda GyulerReal MadridFenerbaxcheKarlo AnchelottiFutbol YulduziYosh Futbolchi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar