
Polshaning poytaxti Varshavada boks bo‘yicha World Boxing tashkiloti kubogining ikkinchi bosqichi start oldi. 10—17 may kunlari Varshavadagi mashhur COS Torwar sport arenasida bo‘lib o‘tayotgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 9 nafar mahoratli charm qo‘lqop ustasi bilan ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz quyidagi tarkib bilan maydonga tushgan:
-55 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-60 kg: Samandar Olimov
-65 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev
-70 kg: Gofur Tohirov
-75 kg: Fazliddin Erkinboyev
-80 kg: Javohir Ummataliyev
-85 kg: Akmaljon Isroilov
+92 kg: Jahongir Zokirov
Ayollar o‘rtasida -57 kg: Xumorabonu Mamajonova
Kecha, 12 may sanasida O‘zbekiston boks termasi a’zolari xalqaro maydondagi ishtirokiga muvaffaqiyatli start berishdi. Mazkur kun davomida 3 nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tarilib, raqiblariga imkoniyat qoldirmadi va yirik g‘alabalarni qayd etdi.
Eng avval -60 kg vazn toifasida jang olib borgan Samandar Olimov mezbon davlat vakili Maykl Akoto-Ampav bilan kuch sinashdi. Samandar jangni juda ishonchli tarzda olib borib, barcha hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va chorak finalga yo‘l oldi.
Shundan so‘ng -65 kg vaznda o‘z omadini sinab ko‘rgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham shvetsiyalik raqibi Hampus Bromanga qarshi ringga chiqdi. Asadxo‘ja raqibiga qarshi jangni yuqori sur’atda o‘tkazib, har bir raundda aniq va kuchli zarbalari bilan ajralib turdi. Natijada, hakamlarning bir ovozdan chiqargan qaror bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Kechaning eng ta’sirli va muxlislarni lol qoldirgan janglaridan biri og‘ir vazn (+92 kg) toifasida maydonga chiqqan Jahongir Zokirovning bahsi bo‘ldi. U polyak raqibi Oskar Koperaga qarshi keskin va shiddatli jang namoyish etib, ikkinchi raundning o‘zida texnik nokaut orqali ishonchli tarzda g‘alaba qozondi va o‘zining musobaqaga jiddiy da’vogar ekanligini isbotladi.
Ma’lumot uchun, World Boxing tashkiloti tomonidan tashkil etilayotgan mazkur kubokning birinchi bosqichi 31 martdan 5 aprelgacha Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu turnirda O‘zbekiston terma jamoasi ajoyib natijalarga erishib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagandi.
Endi esa sportchilarimiz Polshadagi ikkinchi bosqichda ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishmoqda. Terma jamoamizning keyingi bosqichlardagi ishtirokini barcha muxlislar katta qiziqish va umid bilan kuzatib bormoqda.
Zamin.uz tahririyati o‘zbek bokschilariga ushbu musobaqada g‘alaba va omad yor bo‘lishini tilab qoladi! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar