date
views 86

Anchelotti Braziliya terma jamoasini qayta tiklamoqchi: Neymar va Kazemiro qaytishi mumkin

Anchelotti Braziliya terma jamoasini qayta tiklamoqchi: Neymar va Kazemiro qaytishi mumkin
Karlo Anchelottining “Real” klubidan ketishi aniq bo‘lganidan so‘ng, u o‘zining murabbiylik faoliyatini Braziliya milliy terma jamoasida davom ettirishga qaror qildi. 65 yoshli tajribali italiyalik mutaxassis braziliyalik yulduz futbolchilar bilan aloqaga chiqib, jamoani qayta shakllantirishni boshladi.

Anchelotti yangi lavozimga o‘tishi bilanoq darhol Braziliya terma jamoasining asosiy yulduzi bo‘lgan 33 yoshli hujumchi Neymarga qo‘ng‘iroq qildi. Mutaxassis futbolchi bilan suhbatda 2026 yilda o‘tkaziladigan Jahon chempionatida aynan unga tayanishini va terma jamoaga yetakchilik qilishni undan kutayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Neymar Braziliya milliy terma jamoasiga so‘nggi bor 2023 yil kuz oylarida chaqirilgan edi. Shundan keyingi o‘yinda u jiddiy jarohat olgan va bu jarohatdan to‘liq tiklanishi uchun bir yildan ko‘proq vaqt sarflagan. Neymarning terma jamoaga qaytishi esa millionlab muxlislar uchun katta umid uyg‘otmoqda.

Shuningdek, Anchelotti “Manchester Yunayted”da o‘ynayotgan va so‘nggi vaqtlarda ko‘plab tanqidlarga uchrayotgan sobiq shogirdi Kazemiro bilan ham bog‘langan. Murabbiy 34 yoshli tajribali yarim himoyachining milliy jamoaga qayta jalb qilinishi va uning boy tajribasidan foydalanish kerakligi haqida ta’kidlagan.

Kazemiro oxirgi ikki yil davomida Braziliya terma jamoasidan chaqiruv olmagan edi. Bunday o‘zgarishlar terma jamoaning kelajakdagi strategiyasi va natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Murabbiylik faoliyati davomida Karlo Anchelotti Yevropaning turli kuchli klublarini boshqarib, ko‘plab sovrinlarga ega chiqqan. “Real Madrid”, “Milan”, “Chelsi” kabi jamoalar bilan katta muvaffaqiyatlarga erishgan italiyalik mutaxassis endi o‘zining boy tajribasini Braziliya terma jamoasining jahon arenasidagi obro‘sini tiklash uchun ishlatadi.

Braziliya terma jamoasi so‘nggi yillarda Jahon chempionatlarida kutilgan natijalarni ko‘rsata olmagani sababli, Anchelottiga katta mas’uliyat yuklatilmoqda. Shu bilan birga, futbol muxlislari yangi murabbiy va qaytishi kutilgan yulduzlarning yordamida jamoa o‘zining qadimgi buyukligiga qayta olishiga umid bildirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anchelotti Braziliya terma jamoasini qayta tiklamoqchi: Neymar va Kazemiro qaytishi mumkin