
"Andijon" klubi kecha rasman Maksim Shatskixni yangi bosh murabbiy sifatida tanishtirdi. Bugundan boshlab jamoa mashg‘ulotlari to‘liq ravishda yangi ustoz qo‘li ostida boshlandi.
Maksim Shatskix “Andijon” klubi taklifini qabul qilish sabablari, o‘zi sevgan o‘yin uslubi, shuningdek, Osiyo Chempionlar ligasi 2 turniri oldidan rejalari haqida klub matbuot xizmatiga dastlabki fikrlarini bildirdi.
“Menga "Andijon" rahbariyatidan taklif tushganida, ko‘p ikkilanib o‘tirmadim, chunki klubning infratuzilmasidan yaxshi xabardorman. Shu bilan birga, ashaddiy ishqibozlarning klubni qay darajada samimiy qo‘llab-quvvatlashlarini bilganim ham bu qarorni tez qabul qilishimga sabab bo‘ldi. Har bir o‘yinda stadionning to‘lib-toshib turishi futbol uchun eng muhim jihatlardan biridir. Axir, futbol birinchi navbatda muxlislar uchun o‘ynaladi.
Bu men va murabbiylar shtabi uchun yangi chaqiruvdir. Bizga bildirilgan ishonchni oqlash va mas’uliyatli vazifani bajarish uchun bor kuchimiz bilan ishlaymiz. Ishqibozlarni maksimal darajada qoniqtiradigan natijalarga erishish asosiy maqsadimizdir. Biroq, jamoada o‘zimizning futbolga bo‘lgan qarashlarimizni shakllantirish uchun ma’lum vaqt talab etiladi. Shundagina biz orzu qilgan o‘yin ko‘rinishini yarata olamiz. Nihoyat, mehnatlarimizning natijasini ko‘ramiz. Har qanday vaziyatda ham jamoamiz hujumkor va muxlislar uchun zavqli futbol o‘ynashga harakat qiladi.
Hozircha Osiyo Chempionlar ligasi 2 musobaqasi haqida fikr bildirishga erta, sababi turnir sentyabr oyida boshlanadi. Hozirda asosiy e’tibor O‘zbekiston chempionati doirasidagi o‘yinlarga qaratiladi. Tabiiyki, xalqaro turnirga aynan shu o‘yinlar orqali tayyorgarlik ko‘ramiz.
So‘nggi ikki o‘yinni stadiondan kuzatdim va jamoamizda yuqori darajadagi futbolchilar borligiga ishonch hosil qildim. Yozgi transfer oynasida tarkibni kuchaytirish borasida harakat qilishimiz shubhasiz. Lekin avvalo mavjud tarkibning salohiyatini yaxshiroq o‘rganib, 1-davrani munosib tarzda yakunlashimiz zarur. Shundan keyin xalqaro turnir uchun qanday pozitsiyalarni kuchaytirishimiz lozimligi aniqlanadi. Chunki OCHL darajasi milliy chempionatdan ancha yuqori. Shu sababli yozda yangi futbolchilar bilan tarkibni yanada mustahkamlashimiz tayin”, — dedi Maksim Shatskix klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Maksim ShatskixAndijon klubiYangi murabbiyFutbol o‘yiniOsiyo Chempionlar ligasiMuxlislar uchun O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar