
MMA olamining eng nufuzli tashkiloti UFC ringlarida o‘zini namoyon qilib kelayotgan hamyurtimiz Ramazon Temirovning navbatdagi raqibi ma’lum bo‘ldi. Ushbu safar Temirov qozog‘istonlik tajribali jangchi Asu Almabayev bilan kuch sinashadi. Har ikki mamlakat sport jamoatchiligi uchun ham juda muhim hisoblangan bu jang oldidan qozog‘istonlik mashhur sport portali "Sports.kz" o‘zbekistonlik jangchining murabbiyi Jasur Alijonov bilan intervyu uyushtirdi.
Quyida mazkur suhbatni sizga taqdim etamiz.
— Jasur, avvalambor, aytib beringchi, Ramazon Temirov va Asu Almabayev o‘rtasidagi jang qanday qilib tashkil etildi, bu g‘oya kimdan chiqdi?
— Bu tashabbus UFC tomonidan taklif qilindi va biz uni mamnuniyat bilan qabul qildik. Biz har qanday jangda ishtirok etishga doimo tayyormiz.
— Bilasiz, bu jang UFC tarixida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari o‘rtasidagi ilk muhim qarama-qarshilik sifatida baholanmoqda. Shaxsan siz uchun bu jang qanchalik ahamiyatli?
— Shaxsan men bu qarama-qarshilikni hech qanday siyosiy yoki milliy prinsipallik sifatida ko‘rmayapman. Bu sport, bu jang va jangchilar uchun odatiy holatdir. Qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan doimo yaxshi munosabatdamiz, sport musobaqasi bu munosabatlarga ta’sir qilmaydi.
— Tayyorgarlik jarayoni boshlandimi? Hozir jamoa qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
— Tayyorgarlik jarayoni allaqachon qizg‘in tus olgan. Biz imkon qadar maksimal darajada yaxshi tayyorgarlik ko‘rish va g‘alaba qozonish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz. Har bir detalga katta e’tibor qaratilyapti.
— Mutaxassislar Temirovning tik turgan holatdagi ("stoyka") kurashi kuchli ekani va Almabayevning esa parter (yerdagi kurash)da ustun ekanini ta’kidlamoqda. Siz ushbu qarama-qarshilikni uslublar to‘qnashuvi deb hisoblaysizmi?
— Haqiqatan ham, bu jang klassik uslublar to‘qnashuvi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Temirovning tik turgan holatdagi kuchli zarbalariga qarshi Almabayevning parterdagi mahoratini ko‘ramiz. Shu bois bu jangning qiziqarli va shiddatli o‘tishini taxmin qilmoqdaman.
— Ramazon parterda raqibini qandaydir noodatiy usullar bilan hayratga solishga qodirmi?
— Biz har qanday vaziyatga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Faqat tik turgan holatda emas, balki parterda ham raqibimizni hayratda qoldira oladigan usul va taktikalarimiz bor.
— Umuman olganda, siz Temirov va Almabayev qarama-qarshiligini jangchi faoliyatidagi eng muhim bahslardan biri deb hisoblaysizmi?
— Albatta, bu jang biz uchun faoliyatimizdagi juda katta va jiddiy sinov. G‘alaba qozonish bizga chempionlikka bo‘lgan yo‘lni ochib beradigan muhim qadam bo‘ladi.
— Jang qanday ssenariy bo‘yicha kechadi, deb o‘ylaysiz? Parterda uzoq kurash bo‘ladimi yoki asosan tik holatda kechadimi?
— Mening shaxsiy taxminimga ko‘ra, bu qarama-qarshilik asosan tik turgan holatda kechadi va jang uzoqqa cho‘zilmaydi. Ikki taraf ham kuchli va mahorati yuqori bo‘lgani uchun, jang tez va shiddatli kechadi deb o‘ylayman. Bu kurashning yakunida eng kuchli jangchi g‘alaba qozonadi va muxlislar ajoyib shouning guvohi bo‘lishadi!
Zamin.uz tahririyati ushbu qiziqarli va tarixiy jang haqida so‘nggi yangiliklarni sizlarga o‘z vaqtida yetkazib berishda davom etadi. Bizni kuzatib boring! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar