date
views 2 423

Olimpikoda Klaudio Raneri bilan xayrlashuv — futbolning hissiy kechasi

Olimpikoda Klaudio Raneri bilan xayrlashuv — futbolning hissiy kechasi
Kecha “Roma” o‘z uyi — "Olimpiko"da “Milan”ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ammo bu bahs nafaqat natija, balki tarixiy ehtiros sababli ham futbol muxlislarining xotirasida uzoq saqlanadi. Bu uchrashuv “bo‘rilar” ustozi Klaudio Ranerining Rimdagi so‘nggi uy o‘yini bo‘ldi.

Ko‘z yosh, ehtiros va abadiy ehtirom

Rimliklar o‘zining afsonasiga so‘nggi safar stadion tribunalari orasidan tantanali kuzatuv yo‘lga qo‘ydi. 70 ming nafar muxlis “Claudio Ranieri Roma” yozuvi aks etgan perfomans namoyish etib, “Ranerimiz, siz abadiysangiz” deya izhor qildi. Ranerining stadion markaziga ikki nabirasi bilan chiqishi esa sahnaning eng ta’sirli lahzasiga aylandi.

Qisqa muddat, katta ta’sir

Klaudio Raneri 2023 yil noyabr oyida jamoani qiyin holatda qabul qilgan edi. U paytda “Roma” A Seriya jadvalining 12-pog‘onasida edi. Biroq tajribali mutaxassis bugunga kelib jamoani 5-o‘ringa olib chiqdi va Chempionlar Ligasi uchun kurashni so‘nggi turgacha saqlab qoldi.

Bu natijalar, albatta, bir mavsum uchun katta yutuq hisoblanadi. Bu “Roma”ning qayta tiklanishiga zamin bo‘ldi va Ranerining “yurak bilan ishlash” uslubi yana bir bor ish berdi.

“Ammore Roma!” — yurakdan kelgan xayrlashuv

Perfomanslarda Franchesko Totti, Daniele De Rossi kabi sobiq yulduzlarning Ranerini quchoqlayotgan bannerlari ham ko‘rindi. Buning o‘zi Rim klubidagi “ruhiy meros”ning qanday kuchli ekanini namoyon qildi. Tribunalardagi “Il Romanismo è quell'ideale che ogni romanista avrà sempre” (“Romanizm — bu har bir rimlik uchun abadiy g‘oya”) degan yozuv esa ushbu lahzalarga timsol bo‘ldi.

Zamin.uz tahririyatidan:
Futbol faqat gol va natija emas. U, eng avvalo, odamlar va ularning xotirasi. Klaudio Ranerining “Olimpiko”dagi xayrlashuvi — bu sodiqlik, muhabbat va samimiy ehtiromning ifodasidir.

Biz ham afsonaviy murabbiyga minnatdorchilik bildiramiz: “Grazie, Mister Ranieri! Romanista per sempre!”
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Olimpikoda Klaudio Raneri bilan xayrlashuv — futbolning hissiy kechasi