
O‘zbekiston Superligasining 11-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Xorazm” uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoaning o‘yini, futbolchilarning holati va keyingi rejalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Tezkor gol rejani o‘zgartirdi”
“O‘yin boshlanishi bilanyoq darvozamizda to‘p ko‘rishimiz natijasida taktik rejamizda o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldik. Futbolchilarda shoshilinchlik paydo bo‘ldi, lekin baribir biz asosiy maqsadga — uch ochkoga erishdik. Men o‘yindan oldin ham “Xorazm”ning shakllangan va xavfli jamoa ekanligini aytib o‘tgandim,” — deya ta’kidladi Tojiyev.
Ikkinchi taymda “Paxtakor”ning o‘yini pasaydi — sabab nima?
Jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, murabbiy jamoaning ikkinchi bo‘limda passivroq harakat qilganini charchoq bilan izohladi. “Qiyin o‘yin bo‘ldi. Raqib ham faollik ko‘rsatdi. Ammo ikkinchi taym oxiridagi gol natijani biz tarafga burdi,” — dedi u.
Darvozabon Luis va Nazarov haqida
“Jonatan Luis maydonni jarohat sababli tark etdi, lekin hech qanday jiddiy tashvish yo‘q — to‘piqni qayirib olgan xolos. Nazarov esa shamollagan. Ikkalasi ham yaqin kunlarda safga qaytishi kutilmoqda.”
Alijonovni ehtiyot qilish — terma jamoa uchun qaror
Kamoliddin Tojiyev hujumkor himoyachi Hojiakbar Alijonovning jarohatidan so‘ng hali to‘liq tiklanmaganini aytib, uni maydonga tushirish tavakkal bo‘lganini ta’kidladi. “Terma jamoamiz uchun ham uni ehtiyot qilishimiz kerak edi, lekin zarurat tufayli o‘yinda qatnashishga majbur bo‘ldik,” — dedi u.
Yosh himoyachi Dilshod Abdullayevning o‘yini qanday baholandi?
“Abdullayev bizning kelajagimiz. Uning iqtidori yuqori. Ilgari ham kam-kam imkoniyat bergandik. Unga barqarorlik yetishmayapti, lekin u o‘sishda davom etmoqda. Kelajakda terma jamoamizda ham bo‘lishi mumkin.”
FIFA kunlari “Paxtakor” uchun qanday o‘tadi?
“Yigitlarning jismoniy holatini tiklashni reja qilgandik, lekin 10 nafar futbolchimiz turli terma jamoalarga ketadi. Shu sababli yig‘inda faqat 15 nafar futbolchi qoladi. Shular bilan mashg‘ulot o‘tkazamiz. Moreyraning jamoaga qaytishi mumkin — bu FIFA kunlaridan keyin aniq bo‘ladi.”
Superkubok finali haqida fikr
“Final — bu har doim bir o‘yinda hal bo‘ladigan, kutilmagan natijalar keltirishi mumkin bo‘lgan bahs. Kim g‘olib chiqadi — aytib bo‘lmaydi. Ammo ishonamanki, jamoalar kurashchan va ko‘rkam o‘yin namoyish etadi.”
Xulosa qilib aytganda, Kamoliddin Tojiyev boshchiligidagi “Paxtakor” yana bir bor o‘ziga xos xarakter va intizomni namoyon etdi. Murabbiyning har bir futbolchiga individual yondashuvi, charchoq va jarohatlar fonidagi holatlarni nazorat qilib turishi — jamoa muvaffaqiyatini kafolatlovchi muhim omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Endilikda barcha nazarlar Superkubok finaliga qaratilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar