
Madridning “Real” klubi bilan ajralmoqchi bo‘lgan afsonaviy pleymeyker Luka Modrich futbolchilik faoliyatini yakunlash niyatida emas. Ispaniya matbuoti tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 39 yoshli xorvatiyalik maestro klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng “qirollik klubi”ni rasman tark etadi va faoliyatini boshqa jamoada davom ettiradi.
Modrich kelajakdagi yo‘nalishini aniq belgilab bo‘lgan — u 2026 yilgi Jahon chempionatida Xorvatiya terma jamoasi safida yana bir bor ko‘rinish berishni maqsad qilgan. Bu esa uning yana kamida ikki yil yuqori darajada to‘p surish niyati borligini ko‘rsatadi.
Ispaniyadagi manbalar uning Madriddan ko‘chish niyati yo‘qligini va shu sabab “Xetafe” yoki “Rayo Valekano” kabi poytaxt klublari uning yangi manziliga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu klublar Modrichning tajribasi va professional yondashuvidan foydalanish orqali o‘z safini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Biroq yangi ma’lumotlarga qaraganda, Italiyaning yetakchi klublaridan biri — “Inter” ham Luka Modrichni o‘z safida ko‘rishga qiziqmoqda. Milanliklar bu masalada jiddiy va futbolchiga rasmiy taklif berish uchun Yevropa Chempionlar ligasi finalidan so‘ng harakat boshlashni reja qilgan. “Inter” 31 may kuni Myunxendagi finalda “Pari Sen-Jermen”ga qarshi maydonga tushadi.
Shuningdek, ummonortidan ham — AQSH va Saudiya Arabistoni kabi futbol bozorlari rivojlanayotgan mamlakatlardan — Luka Modrichga bir qator klublardan takliflar bo‘lgani ma’lum. Bu takliflar moliyaviy jihatdan ancha yoqimli, biroq futbolchi hozircha o‘z qarorini ortga surgan va jahon klublar chempionatidan keyin barcha takliflarni ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.
Luka Modrichning 2012 yildan buyon “Real” safidagi faoliyati davomida 20 dan ortiq sovrinni qo‘lga kiritgani, jumladan, besh bor Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgani uni klub tarixidagi eng yorqin figuralardan biriga aylantirdi. Uning “Real”ni tark etishi jamoa muxlislari uchun alamli bo‘lishi mumkin, ammo Modrichning yangi sahifasi hali oldinda. U hali ham dunyo futbolida so‘z aytishga tayyor. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar