
Italiyadagi mavsumni yana bir bor e’tibor markazida yakunlagan futbolchilardan biri — O‘zbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov bo‘ldi. 29 yoshli hujumchimiz “Roma” safidagi mavsumni odatdagidek zaxira o‘yinchisi sifatida boshladi. Ammo vaziyat o‘zgarishiga ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi.
Qishki transferlar oynasi paytida klub rahbariyati Shomurodovdan voz kechish niyatida edi. Xususan, “Venetsiya” jamoasi o‘zbek forvardini o‘z safiga qo‘shish uchun jiddiy harakatlar boshlagandi. Lekin vaziyatga “Roma”ning tajribali ustozi Klaudio Raneri aralashdi. 73 yoshli murabbiy futbolchining ketishiga qarshi chiqdi va bu qaror keyinchalik jamoa uchun naqadar muhim ekani ayon bo‘ldi.
Eldor mavsumning hal qiluvchi pallasida jamoa uchun hal qiluvchi figuraga aylandi. Uning urgan gollari va amalga oshirgan golli uzatmalari jamoaga qimmatli ochkolar keltirdi. Bu ochkolar “Roma”ni Yevropa Chempionlar ligasi uchun kurashda so‘nggi nafasgacha saqlab turdi.
Garchi “rimliklar” kuchli to‘rtlikka kira olmagan bo‘lsa-da, kelasi mavsumda Yevropa ligasida ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu natijada Shomurodovning o‘rni katta ekanini barcha muxlislar va futbol tahlilchilari yakdil tan olmoqda.
Eng qizig‘i, Eldor Shomurodov joriy mavsumda 37 ta rasmiy uchrashuvda ishtirok etib, Italiyadagi shaxsiy rekordini yangiladi. U avval hech bir mavsumda buncha ko‘p uchrashuv o‘tkazmagan edi. Ushbu bellashuvlarda 7 ta gol va 5 ta assist qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.
Eng asosiysi, “Roma” muxlislari Eldorni endi faqat maydondagi harakatlari uchun emas, balki jamoa foydasi uchun sadoqat va yurak bilan o‘ynaydigan futbolchi sifatida qadrlashni boshladi. U shaxsiy manfaatdan ustunroq — jamoaning manfaatini ko‘zlaydigan futbolchi sifatida yanada katta hurmat qozondi.
Shubhasiz, Shomurodovning bu mavsumdagi parvozi uni Italiya futbolida yanada mustahkam pozitsiyaga olib keldi. Endi esa barcha uning kelgusi mavsumdagi qadamlarini qiziqish bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing