
Hayotda o‘z maqsadini amalga oshirish uchun yosh hech qachon to‘siq emas. Buni yaqinda Tayvanda bo‘lib o‘tgan Butunjahon veteranlar o‘yinlarida (World Masters Games) to‘rtta oltin medalni qo‘lga kiritib, hammaga isbotlagan 105 yoshli tailandlik sportchi Savang Janpram yaqqol namoyish qildi.
105 yoshda aksariyat insonlar yo to‘shakka mixlanib qoladi yoki uylarida tinch hayot kechirib, farzandlari va nabiralari bilan vaqt o‘tkazadi. Lekin Savang Janpram aksincha, bu yoshda ham yuqori sport natijalariga erishib, hayotiy faollikning namunasini ko‘rsatmoqda.
Tayvanda tashkil etilgan Butunjahon veteranlar o‘yinlarining eng keksa ishtirokchisi sifatida Savang Janpram “100 yoshdan kattalar” nomli maxsus kategoriyada yagona ishtirokchi bo‘lgan. Bu degani, unga g‘olib bo‘lish uchun musobaqani shunchaki tugatish ham yetarli bo‘lgan. Ammo tailandlik chempion shunchaki ishtirok bilan kifoyalanmasdan, musobaqalarning turli turlarida faol qatnashib, jahon sport jamoatchiligini hayratda qoldirdi.
Janpram nayza uloqtirish, disk uloqtirish, 100 metrga yugurish va tosh otish kabi yengil atletika musobaqalarida ishtirok etib, har birida o‘zining g‘alabaga bo‘lgan xohish-irodasini ko‘rsata oldi. Ushbu bellashuvlardagi yutuqlari bilan chempion o‘zining umumiy medallar sonini 60 taga yetkazdi.
Qizig‘i shundaki, bu o‘yinlarda Savang Janpramning 73 yoshli qizi Siripan ham qatnashib, uchta medalni qo‘lga kiritdi. Ota va qizning birgalikdagi bu g‘alabalari ko‘pchilik uchun namuna bo‘lib, nafaqat Tailandda, balki butun dunyoda katta qiziqishga sabab bo‘ldi.
Janpramning hayot yo‘li ham ko‘pchilikni lol qoldirgan. U avvallari maktab direktori bo‘lib faoliyat olib borgan va umrini ta’lim sohasiga bag‘ishlagan. Nafaqaga chiqqanidan keyin esa, 80 yoshida u yoshlardan farq qilmaslikka qaror qilib, sport bilan shug‘ullana boshladi. Buning sababini esa u o‘zi shunday tushuntiradi:
«80 yoshimda ko‘plab tengdoshlarimning kasallik tufayli faolligini yo‘qotib qo‘yganini ko‘rdim va shuni angladimki, men ularga o‘xshab qolmasligim kerak. Harakatda bo‘lish va salomatligimni saqlash uchun sport bilan shug‘ullanishni boshladim», – deydi chempion.
U ilk bor sport musobaqalarida 90 yoshdan keyin ishtirok eta boshlagan va shundan beri har bir bellashuvda o‘z natijalarini yaxshilashga intiladi. Hozirgi kunda 105 yoshli sportchi haftasiga 3-4 marta doimiy ravishda yugurish bilan shug‘ullanadi va har kuni uyining atrofida sayr qilishni kanda qilmaydi.
Butunjahon veteranlar o‘yinlari har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan nufuzli xalqaro sport tadbiridir. Unda asosan 30 yoshdan yuqori bo‘lgan sportchilar ishtirok etadi. Bu musobaqaning asosiy maqsadi esa, keksa va o‘rta yoshdagi insonlarni faol turmush tarziga undash, ularga sport bilan doimiy shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratishdir.
105 yoshida dunyo sport tarixiga o‘z nomini yozgan Savang Janpramning bu muvaffaqiyati butun jahon bo‘ylab ko‘plab insonlar uchun namuna bo‘lib qolmoqda. Bu sportchining g‘alabalari orqali ko‘pchilik insonlar uchun yangi orzular, yangi umidlar uyg‘onadi.
Shu tariqa, Janpram barchaga hayotda hech qachon kech bo‘lmasligini isbotlab berdi. Uning bu misoli nafaqat keksa yoshdagilar, balki har qanday yoshdagi insonlar uchun ham katta motivatsiya manbai bo‘ladi.
Hayotni sevish, o‘zini doim formada tutish, salomatlikka e’tibor berish – bu Savang Janpramning falsafasidir. Bu o‘ziga xos sportchi har birimizga kuchli ruhiyat, cheksiz xohish va iroda bilan barcha narsaga erishish mumkinligini ko‘rsatdi.
105 yoshli tailandlik sportchi tarix sahifalariga o‘z nomini oltin harflar bilan yozdi. U nafaqat o‘z yurti, balki butun insoniyat uchun ham haqiqiy motivatsiya va ilhom manbai sifatida qolaveradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar