
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev jahon chempionati–2026 saralash bosqichining hal qiluvchi pallasi oldidan BAA va Qatarga qarshi o‘yinlar borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. 32 yoshli tajribali futbolchiga ko‘ra, har ikki raqib g‘alaba uchun kurash olib borishi aniq va terma jamoamiz ham bunga munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda.
— Hozirgi vaziyatda barchaga barcha narsa ravshan. BAA – juda kuchli va salohiyatli jamoa. Qatar ham shunday. Har ikkisi murabbiylarini yangiladi va jadvaldagi o‘rnini yaxshilash uchun qattiq harakat qiladi. Shu sababli ular 3 ochko uchun bor kuchi bilan o‘ynaydi, — dedi Sergeyev.
Forvardning ta’kidlashicha, bu rasmiy saralash uchrashuvlari bo‘lgani uchun, raqiblarning reytingda qaysi o‘rinda ekanligi muhim emas:
— Reyting o‘rni past bo‘lgan jamoa ham jahon chempionatiga chiqish imkoniyati uchun oxirigacha kurashadi. Shuning uchun raqibni kichkina yoki katta deb ajratmaymiz. Biz har ikki jamoaga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, shunga mos ravishda maydonda kurash olib boramiz.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston terma jamoasini oldinda ikki muhim to‘qnashuv kutmoqda. 9-tur doirasidagi BAA – O‘zbekiston bahsi 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi. 10-turda esa 10 iyun kuni soat 18:45 da poytaxtimizda Qatarga qarshi hal qiluvchi bellashuv bo‘lib o‘tadi.
Bu ikki uchrashuv “oq burgutlar” uchun mundialga chiqish masalasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Sergeyevning so‘zlaridan ma’lumki, jamoa to‘liq tayyor va hech qanday raqibni kamsitmasdan, yutuq uchun maydonga tushadi. Ijobiy natijalar esa nafaqat futbolchilar, balki butun O‘zbekiston orzu qilayotgan yo‘llanmaga olib kelishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar