date
views 184

Konferensiyalar Ligasi finali: "Betis" va "Chelsi" o‘rtasidagi to‘qnashuvga bag‘ishlangan katta tahlil

Konferensiyalar Ligasi finali: "Betis" va "Chelsi" o‘rtasidagi to‘qnashuvga bag‘ishlangan katta tahlil
Yevropa futbolining qizg‘in pallasini boshdan kechirayotgan fursatda Konferensiyalar Ligasi finali ham ishqibozlar uchun yuqori darajadagi futbol taqdim etish arafasida. Polshada bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi uchrashuvda Ispaniyaning "Betis" klubi Angliya grandi "Chelsi"ga qarshi to‘qnash keladi. Ikki jamoa ham turli holatda, turli ruhda va alohida ssenariyda finalga yetib keldi. Keling, bu jang oldidan jamoalarning holati, tarkibiy muammolari va imkoniyatlarini tahlil qilamiz.

"Betis" — Uzoq va mashaqqatli yo‘l orqali finalga yetib kelgan jamoa

Manuel Pellegrini boshqaruvidagi "Betis" joriy mavsumda barqarorlik bilan farqlanmadi. Ayniqsa, mavsumning so‘ngidagi so‘ngi besh uchrashuvda jamoa birorta g‘alaba qayd etolmadi: bitta yirik mag‘lubiyat ("Atletiko Madrid"dan 1:4) va to‘rtta durang. Shunga qaramay, jamoa yengilmaslik kayfiyati va strategik yondashuvlar orqali finalgacha yetib keldi. Qo‘shimcha saralash bosqichidan finalgacha bo‘lgan uzoq yo‘l esa bu muvaffaqiyatning qanchalik katta mehnat evaziga qo‘lga kiritilganini ko‘rsatadi.

Jamoa tarkibida jiddiy yo‘qotishlar bor

"Betis" final oldidan bir qator muhim futbolchilardan mahrum bo‘ldi. Himoyada Belerin va Lorente, hujumda Avila, darvozabonda esa asosiy kiper Fran Viyeytesning o‘yinda qatnashishi noma’lum. Uni almashtiruvchi Adrian tajribali bo‘lsa-da, undan yuqori darajadagi o‘yin talab etiladi. Yussuf Sabali va Jonni Kardoso kabi o‘yinchilarning ham ishtirok etishi so‘roq ostida.

"Betis" — Gol ursa, kamdan-kam mag‘lub bo‘ladi

Bu mavsum Konferensiyalar Ligasidagi pley-off bosqichida "Betis" ilk golni ursa, kamdan-kam holatda mag‘lub bo‘lgan. Bu jamoaning kurashuvchanligi va ustunlikni saqlab qolish qobiliyatidan dalolat. Gentga qarshi 0:1 hisobidagi o‘yin bunga istisno bo‘ldi. Bundan kelib chiqib, finalda hisobni ochish "Betis" uchun juda muhim bo‘ladi.

"Chelsi" — Yangi davrning to‘liq kayfiyatida

"Chelsi" uchun mavsumning oxiri yaxshi yakunlandi. Enso Mareska shogirdlari so‘ngi ikki uchrashuvda “Manchester Yunayted” va “Nottingem Forest”ni 1:0 hisobida mag‘lub etib, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Final oldidan jamoada katta motivatsiya mavjud — so‘ngi 12 uchrashuvda faqat bir marta mag‘lubiyat, qolgan 11 bahsda esa g‘alaba. Mavsumni Yevropa sovrini bilan yakunlash — London klubi uchun ideal ssenariy bo‘ladi.

Tarkibiy yo‘qotishlar — Lekin barqaror shakl saqlanmoqda

Final oldidan "Chelsi" tarkibida markaziy himoyachi Uesli Fofana va hujumkor yarim himoyachi Omari Kellimanning yo‘qligi ma’lum. Nkunku va Mark Giu kabi hujumchilarning ishtirok etmasligi ehtimoli ham mavjud. Shu bilan birga, "Nottingem"ga qarshi o‘yinda Enso Mareska asosiy tarkibda deyarli o‘zgarish qilmadi. Final uchun ham Nikolas Jekson va darvozabon Yorgensen asosiy tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda.

Hujumdagi muammolar — Faqat bir gol...

Oxirgi to‘rt uchrashuvda “Chelsi” bor-yo‘g‘i 3 gol ura oldi va har bir o‘yinda faqat 1 tadan gol. Vaholanki, jamoa har bir o‘yinda o‘rtacha 3 xG (ko‘rilgan imkoniyat) yarata olmoqda. Demak, muammo imkoniyat yarata olishda emas, balki ularni golga aylantirishda. Bu muammo finalda hal etilmasa, "Betis"ning javobi juda noqulay bo‘lishi mumkin.

Xulosa: Kim favorit?

Qo‘ldagi ma’lumotlarga tayangan holda, "Chelsi" — tajriba, tarkibiy barqarorlik va ruhiy kayfiyat borasida afzal. Biroq "Betis" kabi jamoalar uchun bu kabi finallar — hayotda bir martagi imkoniyat. Agar Pellegrini shogirdlari hisobni birinchilar bo‘lib ochishsa, "aristokratlar" uchun javob berish oson bo‘lmaydi.

Konferensiyalar Ligasi finali jonli tarix yaratishi mumkin — har ikki jamoa ham o‘ziga xos ssenariyda g‘alabaga munosib. 5 iyun kuni Polshadagi ushbu to‘qnashuv Yevropaning yozdagi eng yorqin finallaridan biri bo‘lishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Konferensiyalar Ligasi finali: "Betis" va "Chelsi" o‘rtasidagi to‘qnashuvga bag‘ishlangan katta tahlil