date
views 264

Gasperini “Roma”da — Ranerining o‘rniga yangi davr boshlanmoqda

Gasperini “Roma”da — Ranerining o‘rniga yangi davr boshlanmoqda
Yevropa futbolida navbatdagi katta murabbiy almashinuvi yaqindek ko‘rinib turibdi. Yaqinda “Atalanta” bilan rasman xayrlashgan italiyalik mashhur mutaxassis Jan-Pero Gasperini faoliyatini Italiya poytaxtida davom ettirishi kutilmoqda.

Italiya OAVlari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gasperini joriy mavsum yakunlanishi bilan “Roma” klubi bosh murabbiyi lavozimini egallashi ehtimoldan xoli emas. Ayni vaqtda u jamoadan ketishi kutilayotgan tajribali mutaxassis Klaudio Ranerining o‘rnini egallashi kutilmoqda. Manbalarga ko‘ra, tomonlar muzokaralarning final bosqichida bo‘lib, kelishuv yaqin kunlarda rasman e’lon qilinadi.

Jan-Pero Gasperini so‘nggi 9 yil davomida “Atalanta” klubida samarali faoliyat olib bordi. Uning boshchiligida jamoa so‘nggi yillarda Italiya va Yevropa futbolida jiddiy raqibga aylandi. Ayniqsa, 2023/24 mavsumida Yevropaning nufuzli klublarini mag‘lub etib, Yevropa Ligasi chempionligini qo‘lga kiritishi Gasperinining murabbiy sifatidagi mahorat darajasini yanada mustahkamladi.

U ikki marotaba A Seriyada “yil murabbiyi” deb tan olingan va hujumkor, dinamik futbol uslubi bilan mashhur. Uning futbol falsafasi, yosh futbolchilarni tarbiyalashga e’tibor qaratishi va taktik yangiliklarga ochiqligi “Roma”ning yangi strategik loyihalariga to‘liq mos keladi.

Agar kelishuv rasman tasdiqlansa, “Roma” uchun bu yangi davrning boshlanishi bo‘ladi. Jamoa so‘nggi mavsumlarda kuchli raqobatda barqaror natijalar ko‘rsatishda qiynalmoqda va Gasperinining kelishidan so‘ng klub o‘z o‘yin uslubini qayta shakllantirishi, Yevropa musobaqalarida yuqori natijalarga intilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Gasperini “Roma”da — Ranerining o‘rniga yangi davr boshlanmoqda