
Shaxmat olamida jonli tarzda shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan voqealardan biri — Magnus Karlsenning "Norway Chess" turniridagi so‘nggi bayonoti. 6-turda Gukeshga qarshi mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, norvegiyalik grossmeyster shaxmatdagi kelajagi haqida jiddiy mulohazalar bilan o‘rtoqlashdi.
"Turnir davomida o‘zimni yomon his qilmayapman, ammo endilikda o‘yin menga zavq bermayapti. Odatda shaxmat menga ijobiy kayfiyat bag‘ishlardi, ammo endi o‘yin paytida o‘zimni o‘tmishdagi noqulay pozitsiyalarga tushib qolgandek his qilyapman. Hammasi sekin kechayapti, bu men uchun qiziqarli emas. Ha, yaxshi o‘ynashim mumkin, ammo buning o‘zi yetarli emas. Oxirida psixologik charchoqni his qilib, taslim bo‘ldim", — dedi Karlsen TV2 telekanaliga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Magnus o‘z so‘zlarida shaxmatni butunlay tark etish yoki hech bo‘lmaganda klassik formatdan voz kechish haqida o‘ylayapganini ochiq aytdi. Uning fikricha, bunday stressli holatlarni yana boshdan kechirishni xohlamaydi.
Mamlakatda xavotir kuchaydi
Tanqidiy bayonotlar nafaqat muxlislar, balki ekspertlar orasida ham jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. TV2 shaxmat tahlilchisi Yon Lyudvig Xammer bu fikrlarni "juda tashvishli" deb atadi:
"Magnus agar klassik shaxmatni endi o‘ynamoqchi emasligini aytsa, 2026 yilda Norvegiyada klassik formatdagi musobaqa bo‘lishiga ishonchim kam. Balki vaqt formati Karlsenning ehtiyojlariga moslashtiriladi", — dedi u.
Amerikalik grossmeyster Xikaru Nakamura esa bu vaziyatga ko‘ngilsizlik bilan munosabat bildirdi:
"Bu xabardan xafaman. Magnus bilan o‘ynaganimiz so‘nggi klassik partiya bo‘lishi ehtimoli 25 foizdan yuqori. Bu shaxsiy jihatdan men uchun achinarli holat", — dedi Nakamura.
Karlsen — shaxmatning yuzi
Magnus Karlsen nafaqat bir necha karra jahon chempioni, balki butun dunyo bo‘ylab shaxmat yuziga aylangan shaxs hisoblanadi. Uning shaxmatga bo‘lgan munosabati va shaxsiy fikrlari turnirlar taqdiriga, hattoki formatlar shakliga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Karlsenning bu bayonoti shaxmat jamoasida kuchli ta’sir uyg‘otdi. Uning kelajakda qanday qaror qabul qilishi — butun shaxmat olamini qiziqtirgan asosiy savollardan biriga aylandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar