date
views 7 742

O‘zbekiston boks terma jamoasiga kubalik mashhur murabbiy keldi!

O‘zbekiston boks terma jamoasiga kubalik mashhur murabbiy keldi!
O‘zbekiston boks federatsiyasi milliy terma jamoaning murabbiylar tarkibini yanada kuchaytirishga qaror qildi. Jamoamiz murabbiylar shtabiga katta xalqaro tajribaga ega bo‘lgan kubalik mashhur murabbiy Fernandez Ximenez Barbaro qo‘shildi. Bu haqda federatsiya rasmiy manbalari xabar bermoqda.

Fernandez Ximenez Barbaro Elshod Rasulov boshqaruvidagi O‘zbekiston ayollar boks milliy terma jamoasida katta murabbiy sifatida o‘z faoliyatini boshladi. Uning professional faoliyati 40 yildan oshgan bo‘lib, shu davr mobaynida u dunyoning turli mamlakatlari terma jamoalarida bosh murabbiylik lavozimida ishlagan.

Kubalik mutaxassis boks olamida yuqori natijalarga erishgan ko‘plab sportchilarni tarbiyalab, bir nechta Olimpiya va jahon chempionlari yetishib chiqishiga katta hissa qo‘shgan. U nafaqat texnik va taktik jihatdan kuchli sportchilarni shakllantirishi, balki ularning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini ham yuqori darajaga ko‘tarishi bilan nom qozongan.

O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyatining ta’kidlashicha, Barbaroning jamoaga kelib qo‘shilishi milliy terma jamoamizning xalqaro musobaqalardagi imkoniyatlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Ayniqsa, ayollar terma jamoasining nufuzli musobaqalardagi natijalari yaxshilanishiga umidlar katta.

Shuni alohida qayd etish lozimki, keyingi paytlarda mamlakatimizda boks sohasidagi yuqori natijalar va yutuqlarning ortib borishi fonida, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan murabbiylarning jalb qilinishi bu sohani yanada yuqori darajaga ko‘tarishni ko‘zlagan holda amalga oshirilmoqda.

Fernandez Ximenez Barbaro ham O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda ishlash imkoniyati paydo bo‘lganidan juda mamnun ekanligini va O‘zbekiston ayollar boksini xalqaro miqyosda yetakchi o‘rinlarga olib chiqish uchun bor bilim va tajribasini ishga solishini bildirdi.

Endi muxlislarimiz kubalik mashhur murabbiy rahbarligida terma jamoamizning yangi g‘alabalari va muvaffaqiyatlarini intizorlik bilan kutmoqda. Biz esa kubalik mutaxassis va terma jamoamizga yangi zafarlar tilab qolamiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston boks terma jamoasiga kubalik mashhur murabbiy keldi!