
Yevropa futbolining so‘nggi mavsumlardagi eng yorqin hujumchilaridan biri sanalgan Viktor Osimxen faoliyatida yangi sahifa ochishga qaror qildi. Afrika qit’asining eng iqtidorli vakillaridan biri hisoblangan nigeriyalik futbolchi endi faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettiradigan bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, hujumkor futbolchining kelajagi haqidagi xabarlarni ilk bor Italiyalik mashhur insayder Nikolo Skira tarqatdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, 26 yoshli futbolchi "Al-Hilol" klubi bilan shaxsiy kelishuvga erishib bo‘lgan. Saudiyaning mashhur klubi bilan tuzilgan shartnoma 2029 yilning yoziga qadar davom etadi.
Shuningdek, shartnoma tafsilotlari ham ma’lum qilindi: Viktor Osimxen har bir mavsum uchun nafaqat o‘yin amaliyoti, balki rekord darajadagi maosh bilan ham ta’minlanadi. Jumladan, nigeriyalik yulduz Saudiya Arabistonidagi har yili uchun 35 million yevro atrofida pul ishlab topadi. Bu esa Osimxenni jahon futbolidagi eng yuqori maoshli futbolchilar qatoriga olib chiqadi.
O‘tgan mavsum davomida futbolchi uchun vaziyat ancha chigallashgan edi. Italiyaning “Napoli” klubi bilan shartnomasi bo‘lgan Osimxen rahbariyat bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar tufayli Italiya klubini tark etishga qaror qilgan va Turkiyaning "Galatasaroy" klubiga bir mavsumga ijara asosida ko‘chib o‘tgan edi. "Galatasaroy" safidagi o‘yinlarida u yana o‘zining yuqori darajadagi gol urish qobiliyatini ko‘rsata oldi va Yevropaning qator yirik klublari e’tiborini qayta tortishga erishgan edi.
Futbolchi uchun nafaqat Yevropaning yirik jamoalari, balki Angliya Premer-ligasidan ham qiziqish bildirishdi. Biroq Osimxen bu gal Yevropa futbolida qolishni emas, balki Sharqqa sayohat qilishni ma’qul ko‘rdi. Bu qarorni qabul qilishda esa, tabiiyki, Saudiyaning futbolda olib borayotgan yangi siyosati va ular taklif qilayotgan moliyaviy shartlar muhim omil bo‘ldi.
Osimxenning transferi haqidagi yakuniy qarorni yaqin kunlarda "Napoli" rahbariyati qabul qilishi kutilmoqda. Ekspertlar ta’kidlayotganidek, saudiyaliklar futbolchi uchun katta transfer summasini to‘lashga tayyor bo‘lishlari ehtimoli katta, bu esa "Napoli" rahbariyati uchun ham juda qulay bo‘ladigan ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, Viktor Osimxen o‘zining professional faoliyatini Yevropada boshlagan va «Lill» klubidagi porloq o‘yinlaridan so‘ng «Napoli» klubiga rekord summaga transfer qilingan edi. Yevropaning eng zo‘r to‘purarlaridan biri bo‘lgan hujumchi endi o‘z iqtidorini va gol urish mahoratini Sharqda namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu transfer, shubhasiz, Saudiya Arabistonidagi futbolning jahon maydonida obro‘sini yanada ko‘taradi va kelgusi mavsumlarda yana bir nechta yulduz futbolchilarni ushbu mamlakatga jalb qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar