
Oxirgi ikki yil Abbosbek Fayzullayevning futbolchilik faoliyatida jiddiy burilish va ulkan tajribalar bilan to‘ldi. 21 yoshli iqtidorli hujumkor futbolchi nafaqat yangi jamoa, yangi muhit va yangi chempionatga moslashishga harakat qilyapti, balki bir vaqtning o‘zida milliy va olimpiya terma jamoalardagi mas’uliyatni ham o‘z yelkasida ko‘tarmoqda.
2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan Rossiyaning mashhur klubi — SSKAga o‘tgan Fayzullayev uchun bu bosqich mutlaqo yangi hayotning boshlanishi bo‘ldi. Legioner sifatida birinchi marta xorijda to‘p surishni boshlagan Abbos, yosh bo‘lishiga qaramay, o‘zini Premer-liga maydonlarida tezda namoyon eta boshladi.
Debyut mavsum — sinov va yutuqlar uyg‘unligi
Uning debyut mavsumi muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. SSKA safida barcha musobaqalarda 39ta uchrashuvda qatnashdi, 3ta gol va 8ta golli pas ijro etdi. Ushbu natijalar bilan jamoa Rossiya chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi, shuningdek, mamlakat kubogini yutib oldi. Bu ko‘rsatkichlar yosh futbolchi uchun katta tajriba va o‘z ustida ishlash uchun kuchli asos bo‘lib xizmat qiladi.
Fayzullayevning terma jamoadagi ishtiroki ham alohida e’tiborga loyiq. U yoshlar va olimpiya terma jamoalari safidagi to‘p surishlari orqali o‘zini xalqaro miqyosda ko‘rsatdi. Hususan, Osiyo kubogidagi yorqin ishtirok va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishdagi hissasi o‘zining darajasini yaqqol ko‘rsatdi. Milliy terma jamoamizning JCH-2026 saralash bosqichidagi muvaffaqiyatlarida ham Abbosning zahmatini alohida ta’kidlash lozim.
SSKAdagi pasayish va uning sabablari
Shu bilan birga, joriy mavsumda SSKAda unga nisbatan foydalanilayotgan taktik yondashuv tufayli Abbosning o‘yinida ma’lum darajada pasayish kuzatildi. Serbiyalik yangi bosh murabbiy jamoaning umumiy uslubini o‘zgartirdi, natijada Fayzullayevga ajratilgan rol ham yangicha ko‘rinish oldi.
SSKAning sobiq futbolchisi Valeriy Masalitinning ta’kidlashicha, Abbos ilgari chap qanotda erkin harakat qilgan, hujumda to‘liq ijodiy erkinlikka ega bo‘lgan futbolchi sifatida o‘zini erkin his qilardi. Ammo yangi sxemaga ko‘ra, u maydon markaziga ko‘chirildi va undan muntazam pressing, qaytib himoyaga yordam berish talab qilinmoqda. Bu esa Fayzullayevning tana tuzilishi va jismoniy imkoniyatlariga to‘liq mos kelmaydi.
Masalitin shunday deydi:
“Fayzullayev juda ishtiyoqmand, kurashuvchan futbolchi. U har doim harakatda va o‘zini maydonda topa oladi. Undan qutulish yoki ijaraga berish haqida gap ketishi mutlaqo noto‘g‘ri. Aksincha, Abbosni yo‘qotmaslik kerak. U hali ko‘p narsani ko‘rsata oladi,” — deydi mutaxassis.
Fayzullayev uchun to‘g‘ri pozitsiya — to‘liq erkinlik
Abbosning ijodkorlik qobiliyati, tezligi va to‘p bilan harakat qilish mahorati uning asosiy ustunliklaridir. Unga maydonda erkin harakat qilish imkoniyati berilsa, raqib himoyalariga jiddiy muammo tug‘dirishi shubhasiz. Uning tajribasi va jiddiy o‘yinlarga ko‘nikmasi SSKA uchun ham, O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham bebaho ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Abbosbek Fayzullayev hozirgi holatda ham foyda keltira oladigan futbolchi. Uni noto‘g‘ri pozitsiya yoki sxemada “yo‘qolib qoldi” deb baholash — shoshma-shosharlik bo‘ladi. SSKA uchun ham, o‘zbek futboli uchun ham u katta salohiyatga ega muhim figura sanaladi.
Uning kelajagi hali oldinda. Aynan shunday sinovlar orqali futbolchi chiniqadi, tajriba to‘playdi va eng yuqori bosqichlarga chiqish uchun mustahkam asos hosil qiladi.
Abbosning yo‘li — endi boshlanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar