
Ispaniyaning “Real Madrid” klubida yangi davr boshlandi — jamoa afsonaviy sobiq futbolchi Xabi Alonso boshchiligidagi ilk mashg‘ulotni o‘tkazdi. Bu mashg‘ulot jamoaning Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga rasmiy tayyorgarligi sifatida qayd etildi.
Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan ushbu mashg‘ulotda bir qator yetakchi futbolchilar ishtirok etdi. Himoyadagi asosiy tayanchlardan biri Eder Militao, tajribali darvozabon Tibo Kurtua, hujumkor himoyachi Dani Karvaxal, universal David Alaba va mahoratli yarim himoyachi Braim Dias jamoaviy mashg‘ulotlarga qaytdi.
Shu bilan birga, bir qancha futbolchilar hali to‘liq tiklanishga ulgurmagan. Antonio Ryudiger, Ferlan Mendi, Endrik va Eduardo Kamavinga hozircha individual tiklanish dasturini davom ettirmoqda. Bel sohasidagi muammolar sababli Federiko Valverde esa zalda alohida mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqda.
Xabi Alonso uchun yangi mas’uliyat davri
Xabi Alonso uchun bu nafaqat “Real Madrid”dagi ilk rasmiy mashg‘ulot, balki bosh murabbiy sifatida yangi sinovlar boshlanishi hisoblanadi. U o‘zining tajribasi, taktik bilimlari va klub falsafasiga sadoqati bilan “qirollik klubi”ni yanada yuqori bosqichga olib chiqish niyatida.
Futbol mutaxassislari uning qaytishi va jamoa boshqaruvini qo‘lga olishi klub tarixidagi muhim bosqichlardan biri sifatida baholashmoqda. Alonso bugungi kunda Yevropaning eng istiqbolli murabbiylaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Taqvimdagi ilk imtihon — “Al-Hilol”ga qarshi bahs
“Real Madrid” Xabi Alonso boshchiligidagi ilk rasmiy uchrashuvini 18 iyun kuni o‘tkazadi. Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati guruh bosqichida jamoa Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv nafaqat musobaqadagi muhim bahs, balki Xabi Alonsoning taktik yondashuvini ko‘rsatuvchi ilk imtihon sifatida ham qaralmoqda.
Madridliklar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida favoritlardan biri hisoblanadi. Jamoa mashg‘ulotlarda maksimal shiddat bilan ish olib bormoqda. Murabbiylar shtabi asosiy tarkibni to‘g‘ri shakllantirish, jarohatdan qaytayotgan futbolchilarni jismoniy va psixologik jihatdan tiklash ustida ishlamoqda.
“Real” muxlislari esa Xabi Alonsoning qo‘l ostida jamoa qanday o‘yin namoyish etishini, qanday sxemalar va pozitsion qarorlar qabul qilinishini katta qiziqish bilan kutmoqda. Afsonaviy futbolchi endi bosh murabbiy sifatida o‘zini ko‘rsatishi uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Shu bilan birga, “qirollik klubi” uchun bu musobaqa yangi sovrin, yangi motivatsiya va yangi tarix yaratish imkoniyatidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar