
Bugun Toshkentda Jahon chempionati–2026ning 3-saralash bosqichi doirasidagi hal qiluvchi 10-tur bahslari doirasida “oq bo‘rilar” Qatar terma jamoasini qabul qiladi. Bellashuv “Bunyodkor” stadionida soat 18:45 da start oladi.
Ushbu uchrashuv O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun natija jihatidan hal qiluvchi bo‘lmasada, jamoa muxlislar oldida yuqori kayfiyatda saralash bosqichini yakunlashga intiladi. Qatar terma jamoasi esa pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini maksimal darajada mustahkamlab olish niyatida maydonga tushadi.
Bellashuvni boshqarish huquqi Osiyo futbolida tajribaga ega bo‘lgan xitoylik hakamlar brigadasiga topshirildi. Bosh hakam vazifasini Ma Ning bajaradi. Unga qanotlarda Zhou Fei va Jang Cheng yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Jin Jingyuan tayinlangan.
Bellashuvning eng muhim texnik qismi — VAR (video yordamchi hakam) tizimida Fu Ming faoliyat olib boradi. Bu hakamlar jahon miqyosidagi bir qator muhim uchrashuvlarda hakamlik tajribasiga ega bo‘lib, FIFA va OFK tomonidan ishonchli arbitrlardan biri sifatida tan olingan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionati–2026 yo‘llanmasini avvalgi turda rasman qo‘lga kiritgan edi. Shu bois, jamoa bu uchrashuvni erkin ruhda va muxlislarni xursand etish maqsadida o‘tkazishi kutilmoqda.
Qatar termasi esa pley-off uchun kurash olib borayotganini hisobga olganda, bu bahs ikki jamoa o‘rtasida keskin va qizg‘in o‘tishi tabiiy. Shu bilan birga, xitoylik hakamlar bunday ruhiy bosim ostidagi uchrashuvni adolatli boshqarishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugungi o‘yinda asosiy futbolchilarni maydonga tushirishi va yuqori darajadagi o‘yin namoyish etishi kutilayapti. Muxlislar esa tarixiy g‘alabalardan keyin jamoadan yangi zafarlar kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar