date
views 17 310

Islombek Ismoilov shogirdlari Chilini mag‘lub etgan o‘yin haqida nimalar dedi?

Islombek Ismoilov shogirdlari Chilini mag‘lub etgan o‘yin haqida nimalar dedi?
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘zining xalqaro o‘rtoqlik o‘yinida navbatdagi muvaffaqiyatga erishdi. Jamoamiz Chili yoshlari ustidan 1:0 hisobida zafar quchdi va bu g‘alaba katta taassurot va ijobiy xulosalarga sabab bo‘ldi.

Uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy Islombek Ismoilov jamoaning harakati haqida shunday dedi: “Bugun futbolchilarimizning harakatidan mamnunman. Ilk bor Lotin Amerikasi jamoasiga qarshi o‘ynayotgan bo‘lsak-da, yigitlarim barcha ko‘rsatmalarni so‘zsiz bajardi. Chili kabi jismonan va texnik jihatdan kuchli raqibga qarshi muvaffaqiyatli harakat qildik. Kuch va tezlik jihatidan raqibimizga imkoniyat qoldirmadik.”

Murabbiy, shuningdek, ba’zi futbolchilarning jarohat olishiga qaramasdan, jamoa dissiplina va birdamlik namoyon etganini ta’kidladi: “Albatta, o‘yinda bir nechta yigitlarimiz jarohat oldi. Lekin, Jahon chempionati guruhimizda ham Lotin Amerika vakillari borligini hisobga olsak, bu o‘yin biz uchun muhim tajriba maktabi bo‘ldi. Chiliga qarshi o‘ynash bizning taktik salohiyatimizni oshirdi va jahon chempionatiga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati yaratdi.”

U-17 terma jamoamiz Chili kabi nomdor raqibga qarshi o‘yin orqali xalqaro maydonda yana bir bor o‘z salohiyati va imkoniyatini namoyish etdi. Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston yoshlari har bir o‘rtoqlik bahsida yangi o‘yin uslublari va tajribalarni sinab, katta musobaqalarga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda.

Yoshlarimizning bu kabi g‘alabalari milliy futbolimiz ravnaqiga yangi ruh va umid bag‘ishlaydi. Oldinda ularni yanada muhim va mas’uliyatli bahslar kutmoqda. Terma jamoamizga Jahon chempionatida omad tilaymiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islombek Ismoilov shogirdlari Chilini mag‘lub etgan o‘yin haqida nimalar dedi?