
Bugun Madridda "Real" jamoasining yangi a’zosi sifatida Trent Aleksandr-Arnoldning rasmiy tanishtiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu munosabat bilan klub prezidenti Florentino Peres ommaga murojaat qilib, bu transfer orqali jamoaga qo‘shilgan futbolchining qadri va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.
Peres o‘z so‘zida Trent Aleksandr-Arnoldni nafaqat “Liverpul”ning ramziy figurasi, balki zamonaviy futbolning eng iqtidorli va ko‘p yutuqqa erishgan himoyachilaridan biri sifatida ta’rifladi:
— Bugun bizning klubga barcha narsani yutgan, dunyoning eng yuqori darajadagi qanot himoyachilaridan biri kelib qo‘shildi. U "Liverpul" afsonasi bo‘lishiga qaramay, o‘z kelajagini "Real Madrid" bilan bog‘lashni tanladi.
Peres, shuningdek, Trentning bu qaror orqasidagi mas’uliyat va sadoqatni alohida e’tirof etdi:
— U "Liverpul"da qolish imkoniyatiga ega edi. Yoki boshqa yetakchi klublardan biriga o‘tish ham mumkin edi. Ammo u "Real"ni tanladi. U Madridda o‘ynashni istadi. Bu qaror biz uchun iftixordir va biz Trentga bu ishonch uchun minnatdormiz.
Florentino Peres bu transfer klub tarixidagi yana bir muhim bosqich ekanini ta’kidladi:
— Arnold bizning safimizga qo‘shilib, "Real" futbolkasini kiyish sharafiga ega bo‘ldi. Endi uning navbati — o‘zining yangi tarixini yozish. Biz u bunga tayyor va layoqatli ekaniga ishonamiz.
Tanishtiruv marosimida qatnashgan muxlislar va ommaviy axborot vositalari vakillari Trentni katta qiziqish bilan qarshi olishdi. Futbolchining o‘zi ham yangi davrni yuqori kayfiyatda boshlayotganini bildirib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Trent Aleksandr-Arnold "Liverpul" tarkibida bir necha bor Chempionlar ligasi va APLda zafar quchgan, jahon futbolidagi eng iste’dodli yoshlardan biri sifatida tan olingan. Endi esa u "Real" safida yangi cho‘qqilarni zabt etishga kirishmoqda.
“Real Madrid” o‘z an’anasiga sodiq qolgan holda, navbatdagi yulduzni klubga jalb qildi. Futbol olami esa Trent Arnoldning madridliklar safidagi ilk qadamlarini katta qiziqish bilan kuzatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar