
Superliganing 12-turidan o‘rin olgan OKMK – "Sho‘rtan" uchrashuvidan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yin bo‘yicha shaxsiy fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning aytishicha, bugungi kunda natijaga yetishish uchun har bir bellashuvga jiddiy yondashish talab etiladi va futbolni hech qachon aldab bo‘lmaydi.
"Bugungi o‘yinga katta ikki qo‘yaman. Futbolni aldashning iloji yo‘q. Turnir jadvalidagi o‘rningdan qat’i nazar, har bir o‘yinga yuqori darajadagi tayyorgarlik bilan chiqish zarur. Ilgarigi bir nechta uchrashuvlarda to‘liq tayyorgarliksiz maydonga chiqib, baribir g‘alaba qozongandik. Ammo bu safar barchasi boshqacha bo‘ldi. 1-daqiqadanoq kurash boshlanishi kerak edi", – dedi Qosimov.
Murabbiyga ko‘ra, jamoaning harakatlariga FIFA kunlaridagi tanaffus salbiy ta’sir ko‘rsatgan. "Yoshlarimiz Fransiyada bo‘lishdi, To‘xtaxo‘jayev terma jamoaga jalb qilindi – bunday omillar jamoa uyg‘unligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi", deya ta’kidladi mutaxassis.
U ikkinchi bo‘limda jamoa bir qator imkoniyatlar yaratganini, ammo ulardan unumli foydalanishda muammolar kuzatilganini tan oldi. Har holda, Qosimov milliy terma jamoa va O‘zbekiston futbol federatsiyasini tarixiy yutuq bilan tabriklashni unutmadi.
"Milliy terma jamoamizni, O‘FA rahbariyatini chin dildan tabriklayman. Bu natija nafaqat tarixiy, balki butun xalqimiz uchun iftixorli voqea bo‘ldi. Oldindagi o‘yinlarda ham omad hamroh bo‘lishini tilab qolaman", – dedi u.
Mirjalol Qosimovning bu so‘zlari jamoaning ichki muhitida ham jiddiy tahlil va xulosalar kutilayotganidan dalolat beradi. Navbatdagi o‘yinlarda OKMK qanday o‘zgarishlar bilan maydonga tushishi barcha futbol ishqibozlarini qiziqtirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar