date
views 306

"Neftchi" g‘alabani qo‘ldan boy berdi: Levchenko jamoaning asosiy muammosini aytdi

"Neftchi" g‘alabani qo‘ldan boy berdi: Levchenko jamoaning asosiy muammosini aytdi
Superliganing 12-turidan o‘rin olgan "Surxon" — "Neftchi" (0:0) uchrashuvidan so‘ng farg‘onaliklar ustozi Vitaliy Levchenko matbuot anjumanida jamoasi o‘yiniga baho berdi.

— Bunday o‘yinlarda g‘alaba qozonish uchun, avvalo, gol urish kerak. Birinchi bo‘limda ikki marta aniq imkoniyat yaratdik. Agar shu vaziyatlardan foydalanganimizda, natija butunlay boshqacha bo‘lardi. Yigitlar harakatidan norozilik yo‘q, barchasi harakat qildi. Ammo futbolda faqat ishtiyoq yetarli emas, mahorat ham kerak. Tabloda qayd etilgan hisob barchasini aytmoqda, — dedi murabbiy.

Muxlislar e’tirozlari va hujum chizig‘i tanlovi

Matbuot anjumani davomida Levchenkodan uchrashuv yakunlanganidan so‘ng muxlislar tomonidan bildirilgan norozilik haqida ham so‘raldi:

— To‘g‘risi, vaziyatning o‘ziga guvoh bo‘lmadim. Ammo buni albatta ko‘rib chiqamiz. Agar muxlislarda qandaydir norozilik bo‘lgan bo‘lsa, ular bilan muloqot qilamiz. Jamoa g‘alaba uchun maydonga tushgandi, ammo gol urilmadi — muxlisni tushunish mumkin.

Marushich yoki Tabatadze? Hujumda kim samarali bo‘ldi?

— Siz nega Marushichni to‘liq hujumchi deb hisoblamaysiz? U ham markaziy hujumchi sifatida harakat qildi. Albatta, Tabatadze o‘yin oxirida maydonga tushib, jismoniy ustunlik hisobiga yaxshiroq ko‘rinish bergan bo‘lishi mumkin. Himoyachilar esa ikki taym davomida charchagandi. Ammo fakt shuki, hech qaysi hujumchimiz gol ura olmadi. Bu eng katta muammodir.

Beg‘amov nega ketdi?

— Shahboz Beg‘amov masalasi rahbariyat qaroridir. Bu borada men hech narsa deyolmayman, — dedi murabbiy qisqa qilib.

Farg‘onaliklar mavsumni yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, keyingi turlarda muvaffaqiyatsizliklar ko‘paymoqda. Murabbiy fikricha, jamoa yaxshi harakat qilmoqda, lekin natija uchun mahorat va salohiyat yetishmayapti. Kelasi turlarda bu holat o‘zgarishi kerak, aks holda "Neftchi" yuqori pog‘onalar uchun kurashdan ortda qolishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Neftchi" g‘alabani qo‘ldan boy berdi: Levchenko jamoaning asosiy muammosini aytdi