
Farg‘onaning sharafli va tarixiy jamoasi – “Neftchi” klubi yozgi transfer oynasida muxlislarini yangi transferlar bilan xursand etishga tayyorlanmoqda. Manbalarga ko‘ra, jamoa ikki tajribali va yuqori darajali futbolchini tarkibiga qo‘shib olishga jiddiy bel bog‘lagan.
Ma’lumotga ko‘ra, “Neftchi” joriy paytda Rossiya Premer-ligasida to‘p surayotgan himoyachi Rustamjon Ashurmatov va Turkiya Superligasida faoliyat olib borayotgan qanot yarimhimoyachisi Azizbek Turg‘unboyev bilan muzokara olib bormoqda. Ushbu futbolchilar milliy terma jamoamizning ham asosiy a’zolari hisoblanadi.
Ma’lumki, Rustamjon Ashurmatov joriy yilning qishki transfer oynasida ham “Neftchi” safiga qo‘shilishi mumkin edi. Biroq o‘sha paytda uning joriy klubi – Qozonning “Rubin” jamoasi so‘nggi daqiqalarda uni jamoada saqlab qolishga qaror qilgandi. Bu safar esa barcha imkoniyatlar faollashtirilib, futbolchining Farg‘onaga qaytishi ehtimoli yuqori baholanmoqda.
Shu bilan birga, Azizbek Turg‘unboyev ham “Neftchi”ning diqqat markazida. Turg‘unboyev Turkiyaning “Sivasspor” klubi bilan 2022 yildan beri to‘p surib kelayotgan bo‘lib, undagi shartnoma 30 iyun kuni rasman yakunlanadi. Transfermarkt portalidagi ma’lumotga ko‘ra, u erkin agent sifatida bozorda bo‘ladi va ushbu vaziyatdan “Neftchi” foydalanib qolishni istamoqda.
Farg‘ona klubining bosh murabbiyi va rahbariyati tarkibni yanada kuchaytirish maqsadida milliy terma jamoa o‘yinchilariga ustuvor ahamiyat qaratayotgani tasodifiy emas. Ushbu transferlar amalga oshsa, “Neftchi” o‘zining himoya va hujumdagi o‘yin sifatiga jiddiy kuch bag‘ishlashi aniq. Shuningdek, bu kabi nomdor futbolchilarning qaytishi Farg‘onadagi muxlislar uchun ham katta voqea bo‘ladi.
Ayni paytda jamoa mamlakat chempionatining ikkinchi qismiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar Ashurmatov va Turg‘unboyev kabi sinovdan o‘tgan tajribali futbolchilar jamoaga qo‘shilsa, “Neftchi”ning yangi mavsumdagi maqsadlari va ambitsiyalari yanada katta bo‘lishi mumkin.
Transfer muzokaralari yakuniga yetgach, klub rasmiy bayonot beradi, deb kutilmoqda. Muxlislar esa o‘z yulduzlarini yana Farg‘ona maydonida ko‘rishga umid bilan intiqlik qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar