date

"Roma"da katta o‘zgarishlar: Shomurodov va Paredes ketmoqda

"Roma"da katta o‘zgarishlar: Shomurodov va Paredes ketmoqda
Italiyaning mashhur nashri "Corriere della Sport" xabariga ko‘ra, "Roma" klubi yozgi transferlar mavsumida aniq strategik yo‘nalishga amal qilmoqda. Klub rahbariyati avvalgi maqsad sifatida tarkibni qisqartirish va maoshlar fondini yengillashtirishni ko‘zlagan. Shu orqali ular kelgusida Jan Pero Gasperini, Frederiko Massara va Klaudio Raneri o‘rtasidagi munosabatlardan foydalanib, yangi transferlar uchun imkoniyat yaratishni maqsad qilgan.

Yaqin kunlarda klubni tark etishi kutilayotgan futbolchilar orasida Eldor Shomurodov va Leandro Paredes alohida tilga olinmoqda. Ularning har ikkisi ham jamoadagi faoliyati yakunlanishi arafasida turibdi.

Eldor Shomurodovga katta qiziqish bildirgan klub — Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" jamoasi. Manbalarga ko‘ra, transfer bitimi 7-8 million yevro atrofida bo‘lishi mumkin. Bu summa "Roma" uchun katta ahamiyatga ega, chunki 2021 yili u "Jenoa"dan 17 million yevro evaziga sotib olingan edi. Agar bu bitim amalga oshsa, klub uning xarid narxini qisman bo‘lsa ham qoplash imkoniga ega bo‘ladi.

Shomurodovning Rimdagi faoliyati kutilmaganda yuqori notada boshlangan edi. Klaudio Raneri qo‘l ostida u asosiy tarkibda muntazam o‘yin oladigan futbolchiga aylangan va xorijiy klublarning diqqat markaziga tushgan. U, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasining yetakchisi sifatida Jahon chempionatiga yo‘llanma olishda muhim rol o‘ynagan. Shunga qaramay, endi Eldorning Rimdagi so‘nggi kunlari sanoqli bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, bu Shomurodovning transferi atrofidagi ilk mish-mishlar emas: qishda u "Venetsiya" klubiga o‘tishga yaqin bo‘lgan, yozda esa AQSHning MLS ligasidagi "Atlanta" klubiga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Yarim himoyachi Leandro Paredes ham jamoani tark etishi arafasida. Argentinalik futbolchi aslida "Boka Xuniors" klubining tarbiyalanuvchisi bo‘lib, hozirda aynan shu klubga qaytishga yaqin turibdi. Ushbu transferda muhim omil — klub prezidenti Xuan Roman Rikelme bo‘lmoqda. Rikelme shaxsan Paredesga taklif bergan va natijada u 2 million yevro maoshga ega bo‘lgan 3 yillik shartnomaga rozi bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Paredes va "Roma" o‘rtasidagi amaldagi shartnomada Buenos-Ayres klubiga o‘tish uchun maxsus modda bor — u taxminan 3 million yevro kompensatsiya asosida amalga oshiriladi. Bu orqali futbolchi erkin tarzda "Boka"ga qaytish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu tariqa, "Roma"ning yozgi transfer siyosati jamoani qayta shakllantirish, yosh va samarali futbolchilarni jalb qilishga yo‘naltirilgan ko‘rinadi. Shomurodov va Paredesning ketishi esa bu jarayondagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Roma"da katta o‘zgarishlar: Shomurodov va Paredes ketmoqda