
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov yozgi transferlar vaqtida Yevropaning bir necha klublar diqqat markazida qolmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya chempionatining kuchli jamoalaridan biri — “Renn” hamyurtimizga jiddiy qiziqish bildirgan.
Fransiyaning mashhur nashri “FootMercato” tarqatgan xabarga ko‘ra, “Renn” sport direktori Loik Dizeri shaxsan “Roma” klubi rahbariyati bilan bog‘lanib, Shomurodovning transfer sharoiti haqida so‘rov yuborgan. Biroq, muzokaralar hozircha sezilarli natija bermagani aytilmoqda.
Bu holat Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubi uchun kutilmagan imkoniyat yaratib berdi. Turkiyaliklar vaziyatdan unumli foydalanish niyatida “Roma” klubi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga chiqishdi va Eldor Shomurodov uchun 7 million yevro miqdorida taklif yo‘llashdi.
Turkiya matbuotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kelishuv amalga oshishi ehtimoli ancha yuqori. “Bashakshehir” Eldorni jamoa hujumidagi asosiy figura sifatida ko‘rmoqda va uning kuchli jismoniy holati, tajribasi hamda A Seriyadagi samarali o‘yinlari yuqori baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shomurodov Italiya chempionatida “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” tarkiblarida to‘p surgan. Uning A Seriyadagi umumiy statistikasi 119 ta o‘yinda 19 ta gol va 13 ta assistdan iborat. Shuningdek, u 2024/25 yilgi mavsumda “Roma” safida 37 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta golli uzatma amalga oshirgan edi.
Fransiya va Turkiya chempionatlari o‘rtasidagi bu transfer poygasi yaqin kunlarda o‘z yakuniga yetishi kutilmoqda. Eldorning qaysi jamoada faoliyatini davom ettirishi — ko‘p o‘tmay aniq bo‘ladi. Ammo aniq bir narsa bor: hamyurtimiz Yevropa futboli bozorida o‘z o‘rniga ega va unga bo‘lgan talab kun sayin ortayapti. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar