date

Qozondagi Jahon chempionatida o‘zbek polvonlari umumjamoa g‘olibi bo‘ldi

Qozondagi Jahon chempionatida o‘zbek polvonlari umumjamoa g‘olibi bo‘ldi
Rossiyaning Qozon shahrida katta sport bayrami – Koresh Belt Wrestling World Championship 2025 turniri bo‘lib o‘tdi. Bu nufuzli musobaqada turli mamlakatlardan kelgan eng kuchli belbog‘ kurashi ustalari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilarimiz o‘zlariga xos jonkuyarlik va matonat ko‘rsatib, umumjamoa hisobida eng yuqori o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.

Turnirning har bir vazn toifasida hamyurtlarimiz yuksak natijalar qayd etdi:

- 65 kg vaznda Abdumalikov Nodirbek,
- 75 kg vaznda Anvarov Samandar,
- 85 kg vaznda Mashrapov Ilxomjon,
- 100 kg vaznda Ro‘ziyev Husniddin,
- +100 kg vaznda Anvarjonov Azamjon

belbog‘ kurashining og‘ir va mas’uliyatli bahslarida yuksak mahorat ko‘rsatib, chempionlik shohsupasini egallashdi.

Ayniqsa, turnirning final bosqichida o‘zbek polvonlarining ruhiy bardoshi, belbog‘ kurashining texnika va strategiyasi bo‘yicha katta ustunlikka ega ekanligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Ular nafaqat shaxsiy mahorat, balki jamoaviy ruh, birdamlik va g‘alabaga chanqoqlik namunalarini namoyon etishdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar g‘oliblik kubogi va medallar bilan taqdirlandi. Bu natija nafaqat mamlakatimiz belbog‘ kurashi maktabi taraqqiyotini, balki sportchilarimiz jahon arenasidagi nufuzi va salohiyati oshib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Qozondagi belbog‘ kurashi bo‘yicha Jahon chempionatida o‘zbek polvonlari umumjamoa hisobida zafar quchib, yurt bayrog‘ini yana bir bor baland ko‘tarishdi. Sportchilarimizning ana shunday buyuk yutug‘i barcha hamyurtlarimiz uchun faxr va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozondagi Jahon chempionatida o‘zbek polvonlari umumjamoa g‘olibi bo‘ldi