date

“Real”da Modrichning 10-raqamini kim olishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi

“Real”da Modrichning 10-raqamini kim olishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi
Madridning mashhur “Real” jamoasi yangi super yulduzi Kilian Mbappega 10-raqamli futbolkani berish masalasini muhokama qilmoqda. Ispaniyaning nufuzli Marca nashrining yozishicha, klub rahbariyati bu raqam orqali fransiyalik hujumchining imidjini yanada balandroq pog‘onaga olib chiqishni rejalashtirgan.

10-raqam dunyo futbolida faqat raqam emas — u jamoaning eng asosiy o‘yinchisi, yulduzi bo‘lish ramzidir. “Real”dagi ushbu raqamni avvalroq Zidan, Ozil, Xames va so‘nggi yillarda Luka Modrich kabi futbolning jahon darajasidagi buyuk yulduzlari taqib kelgan. Endi esa ushbu sharafli raqamni kiyish navbati Mbappega yetib kelgan ko‘rinadi.

Ma’lumki, hozirda 10-raqam “Real” tarkibidagi eng tajribali va ehtiromli futbolchilardan biri — xorvatiyalik Luka Modrichda. Ammo u Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng jamoani tark etishi kutilmoqda. Bu esa 10-raqamni yangi egasiga o‘tishini tabiiy jarayonga aylantiradi.

Fransiya terma jamoasi sardori hisoblangan Kilian Mbappe hozircha “Real” safida 9-raqamli libosda harakat qilmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilning yozigacha amal qiladi va Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, u hozirda 180 million yevro bilan dunyodagi eng qimmat futbolchilardan biri hisoblanadi.

26 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda ajoyib statistika qayd etdi: u 56 ta rasmiy o‘yinda maydonga tushib, 43 ta gol urdi va 5 ta assist amalga oshirdi. Bu ko‘rsatkichlar uni dunyo futbolidagi eng samarali va ta’sirli o‘yinchilar qatoriga qo‘shdi.

Kilianning “qaymoqranglilar” safida 10-raqam ostida harakat qilishi uning jamoadagi yetakchi maqomini yanada mustahkamlaydi. Undan nafaqat yuqori saviyadagi gollar, balki jamoaviy liderlik va o‘yindagi hal qiluvchi tashabbuslar kutilmoqda.

Shu tariqa, “Real” klubi faqat yangi transfer emas, balki yangi davr boshlanishini ham e’lon qilmoqda. Mbappe uchun 10-raqam futbol tarixidagi navbatdagi afsonaviy sahifaning eshigini ochishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real”da Modrichning 10-raqamini kim olishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi