
Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etayotgan Angliyaning yetakchi jamoasi — “Manchester Siti” musobaqa davomida katta yo‘qotishga uchradi. Jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, endigina asosiy tarkibga jalb etilgan va o‘zining porloq debyuti bilan muxlislar e’tiborini tortgan argentinalik yosh hujumchi Klaudio Echeverri turnirning qolgan qismida maydonga tusha olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 19 yoshli Echeverri jahon chempionatidagi birinchi o‘yinini “Al-Ayn”ga qarshi o‘tkazgan va bu bellashuvda darvozani ishg‘ol qilib, o‘z hisobini ochgan edi. Uning harakatlaridagi yoshlikqa xos qo‘rqmaslik, maydondagi erkin harakatlar murabbiylar va muxlislar tomonidan ijobiy baholangandi.
Biroq musobaqaning davom etishi arafasida yosh futbolchining jarohat olgani va endi u safdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Gvardiola matbuot anjumanida shunday dedi:
“Klaudio Echeverrining to‘pig‘ida muammo bor. Uning jarohati biz uchun jiddiy yo‘qotish. Jarohatdan to‘liq tiklanishi uchun kamida ikki-uch hafta vaqt kerak bo‘ladi. Bu biz uchun juda afsusli holat. U katta iste’dod egasi, lekin afsuski, bu turnirda undan foydalana olmaymiz”.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, “Yuventus”ga qarshi navbatdagi uchrashuvda jamoa yangi futbolchilarni sinovdan o‘tkazadi. Bundan tashqari, ikkinchi bo‘limda bir qator almashuvlar bo‘lishi rejalashtirilmoqda.
“Biz 90 daqiqa davomida yuqori tempda o‘ynay olmaymiz, ayniqsa shunday yo‘qotishlardan so‘ng. Shu sababli, maydondagi energiyani to‘g‘ri taqsimlash uchun almashuvlarga tayanamiz”, — dedi Gvardiola.
Echeverrining musobaqadan chetda qolishi “Siti”ning hujumdagi variantlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ammo bu vaziyat boshqa yosh iste’dodlar uchun o‘zini ko‘rsatishga muhim imkoniyat yaratadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar