date

“Roma” Eldor Shomurodovni sotib, moliyaviy tanglikni yumshatmoqchi

“Roma” Eldor Shomurodovni sotib, moliyaviy tanglikni yumshatmoqchi
Italiyaning mashhur klubi “Roma” yana moliyaviy bosimlar o‘rtasida qoldi. UYEFA tomonidan belgilangan moliyaviy feyr-pley qoidalariga muvofiq, klub 2025 yil 30 iyunga qadar kamida 10 million yevro daromad topishi shart. Agar bu talab bajarilmasa, klubni jiddiy jazolar kutmoqda, deb yozadi Retesport.

Shu bois “Roma” bir qator futbolchilarini transfer ro‘yxatiga qo‘yishga majbur. Ular orasida posbon Mile Svilar, yarim himoyachi Kone va markaziy himoyachi Evan N'Dika kabi nomlar bor. Hozircha bu haqda rasmiy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, klubning ba’zi o‘yinchilari bilan xayrlashishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan.

E’tibor qaratish joizki, “Roma” tarkibidagi eng muhokamali nomlardan biri — o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov. U 2021 yili “Jenoa”dan 17,5 million yevro evaziga olib kelingandi. Lekin bu summa bir necha yil davomida bo‘lib to‘lanishi shart qilingan. Hozirgi kunga kelib, “Roma”ning “Jenoa” klubi oldidagi qarzi hali ham 3,5 million yevro atrofida qolmoqda.

Shu boisdan, agar “Roma” Eldorni 8 million yevroga sotishga muvaffaq bo‘lsa, 3,5 millionini “Jenoa”ga qaytargan holda, taxminan 4,5 million yevro sof daromadni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu esa klubning moliyaviy muvozanatini qisman tiklashda sezilarli hissa qo‘shadi.

Shu bilan birga, yana bir muhim nom — Argentina terma jamoasi a’zosi Leandro Paredes ham transfer sari yo‘l olishi mumkin. U 2023 yilda “Roma” bilan ikki yillik shartnoma imzolagandi. Uning amaldagi shartnomasi 2024 yil 30 iyun kuni yakunlanadi va bu sanada u klub balansida nol qiymatga teng hisoblanadi. Agar u shunga qadar “Boka Xuniors” klubiga taxminan 3,5 million yevroga sotilsa, “Roma” bu mablag‘ni to‘liq foyda sifatida qo‘lga kiritadi.

Agar ham Eldor Shomurodov, ham Leandro Paredes transfer qilinsa, “Roma” kamida 6,5–7 million yevro daromadga ega bo‘ladi. Albatta, bu UYEFA talab qilgan 10 million yevroni to‘liq qoplamaydi, ammo moliyaviy bosimni yumshatishda muhim qadam hisoblanadi.

Qolaversa, Eldor Shomurodovga A Seriyadagi boshqa jamoalar, shuningdek Fransiya va Turkiya chempionatlaridan ham jiddiy qiziqish borligi ta’kidlanmoqda. Bu takliflar rimliklar uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda, “Roma” rahbariyati har ikki futbolchining kelajagini hal etish borasida so‘nggi muzokaralarni olib bormoqda. Ular uchun to‘g‘ri xaridor topilsa, klub uchun moliyaviy yo‘qotishlar o‘rni qisman to‘ldiriladi va yangi transferlarga yo‘l ochiladi.

Shubhasiz, bu transferlar nafaqat “Roma” moliyaviy barqarorligi, balki Eldor Shomurodovning kelajak faoliyati uchun ham muhim burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” Eldor Shomurodovni sotib, moliyaviy tanglikni yumshatmoqchi