
Superliganing 14-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Paxtakor” (2:2) uchrashuvi bo‘yicha ortda qolgan voqeliklar va fikrlar futbol muxlislari uchun qiziqarli bo‘lishda davom etmoqda. Bellashuvda gol muallifi bo‘lgan Husayn Norchayev o‘yindan keyin jurnalistlarga o‘z taassurotlarini bildirdi.
— Avvalo, bizga jonbozlik bilan tashrif buyurib, tribunalarni to‘ldirgan, barcha bor ovozi bilan qo‘llab-quvvatlagan muxlislarga cheksiz minnatdorlik bildiraman. Biz maydonga g‘alaba uchun tushdik, uch ochkoni olishni niyat qilgandik, ammo natija bizni qoniqtirmadi. Lekin hammasini oldindan bilolmaymiz — bu Allohning ishi, — dedi Norchayev.
Terma jamoaga qaytish istagi – motivatsiyani oshirmoqda
Hujumchi milliy terma jamoaga qayta qo‘shilish niyati borligini ochiq bildirdi:
— Bu yurt hammamizniki. Albatta, har bir futbolchi kabi men ham yana terma jamoada o‘ynashni istayman. Bu maqsad sari intilayapman. Hozircha esa “Nasaf” safida tinimsiz harakat qilyapman va har bir golni jamoam foydasi uchun urmoqdaman. Bu mening vazifam.
Shartnoma bor, ketish haqida o‘ylamadim
— Hozircha boshqa klubga ketish haqida o‘ylaganim yo‘q. “Nasaf” bilan amaldagi shartnomam bor va barcha e’tiborim faqat jamoamga qaratilgan, — deya ta’kidladi u.
“Gollarimni shunday nishonlash menga yoqadi”
Uning har bir golidan keyingi nishonlashi ham muxlislar orasida qiziqish uyg‘otgan. U bu borada shunday deydi:
— Gol urgan paytimda shunday hissiyot keladi. Shu tufayli nishonlash uslubim ham shunday bo‘lyapti. Bu menga manzur.
“Paxtakor” qarshiligi, himoya xatolari va keyingi rejalar
— Bugungi bellashuvda himoyada ba’zi chalkash vaziyatlar yuzaga keldi. Ammo bunday o‘yinlar orqali xulosa chiqaramiz. “Paxtakor” — tajribali va jiddiy raqib. Ular bizdan kam harakat qilmadi. Omad ular tomonga og‘di, xolos. Biz esa bo‘lajak o‘yinlarda xato va bo‘shliqlarimizni bartaraf etishga harakat qilamiz.
“100-o‘yin ekanini bilmagandim, endi sovg‘a kutaman”
— Ochig‘i, bugungi bahs mening “Nasaf” safidagi 100-uchrashuvim ekanini endi eshitdim. Bu ajoyib yangilik. Katta rahmat, endi jamoamdan kichkina bo‘lsa-da sovg‘a kutaman, — deya hazilomuz kuyda yakunladi Norchayev.
Husayn Norchayevning ochiq, samimiy va mas’uliyatli fikrlari uning ham professional, ham fidoiy futbolchi ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda. Uning tinimsiz mehnati orqali kelgusida termada yana ko‘rinish berishi mumkinligiga ishonch ortmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar