date

“Real”da yangi davr: Xabi Alonso hujumchilarni ham himoyaga jalb etmoqchi

“Real”da yangi davr: Xabi Alonso hujumchilarni ham himoyaga jalb etmoqchi
Madridning “Real” klubida yana bir burilish pallasi boshlandi: jamoa ruliga kelgan Xabi Alonso yangi o‘yin falsafasini har bir futbolchiga singdirish uchun jiddiy ish olib boryapti. Uning taktik qarashlarida hujumchilar ham endi nafaqat gol urish, balki jamoaviy himoya va pressingda faol qatnashishlari shart ekaniga katta e’tibor qaratilmoqda.

Alonso: “Biz hammamiz birga himoyalanishimiz shart. 11 futbolchining hammasini o‘yinga to‘liq jalb qilmasangiz, muvaffaqiyat bo‘lmaydi. Raqib maydonda biz qo‘ygan bosimni, har bir zonani yopishimizni va intizomni his qilishi kerak. Bu tizimda Vinisius, Bellingem, Valverde va Mbappe ham bor. Himoyani mustahkamlab, raqibga ochiq maydon qoldirmaslik – asosiy maqsadimiz,” – deb ta’kidladi.

Murabbiyning ta’kidlashicha, ayniqsa, jamoaning tezkor va to‘purar hujumchilari Vinisius Junior va Kilian Mbappe endi nafaqat raqib darvozasini tahdid ostiga qo‘yish, balki maydon bo‘ylab ortga qaytib, himoyada faol ishtirok etishi lozim. Har bir o‘yindagi pressing va jamoaviy intizom jamoaning taktik o‘zgarishlarining asosiy qismiga aylanmoqda.

“Himoyamiz to‘liq va puxta bo‘lishi kerak. Raqibga qancha kam imkoniyat qoldirsak, jamoa shuncha kuchli bo‘ladi. Bu jarayonda Vinisius Junior ham katta o‘zarishlarni boshdan kechiryapti va u yangi rolga moslashish uchun kuch sarflayapti”, – dedi murabbiy.

Alonso yaqinda Vinisius Juniorni ayrim o‘yinlarda raqibga bosim o‘tkazishda faollik yetishmagani uchun tanqid qilganini ham yashirmadi. Ya’ni, yangi ustoz har bir yulduzdan maksimal foyda olishni va maydonda birdam harakat qilishni talab qilmoqda.

Ekspertlar fikricha, Xabi Alonso jamoaga kelishi bilan madridliklar taktikasining dinamikasi sezilarli o‘zgarishi mumkin. “Real”dagi bu taktik inqilob jamoaning yangi mavsumda yanada samarali va muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatishiga olib kelishi kutilmoqda.

Hozirgi kunda jamoa faqat yuqori darajadagi individual mahoratga emas, balki umumiy uyg‘unlik, intizom va kollektiv himoyaga tayanayotgani katta natijalarga olib kelishi mumkin. Yangi mavsumda Alonso uslubi qanday natijalar beradi – buni futbol olami katta qiziqish bilan kuzatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real”da yangi davr: Xabi Alonso hujumchilarni ham himoyaga jalb etmoqchi