
Fransiyaning mashhur “Pari Sen-Jermen” klubi prezidenti Nosir Al-Xelayfi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati — 2025 haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. “RMC Sport” nashriga bergan intervyusida u bu musobaqani futbol olami uchun ulkan imkoniyatlar manbai sifatida baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda bunday darajadagi turnir o‘tkazilishi jahon futboli uchun yangi bozor eshiklarini ochadi. “Bu nafaqat futbol, balki klubimiz uchun ham yangi imkoniyatlar, yangi auditoriya va jahon brendlarini jalb etish imkonini beradi”, — dedi Al-Xelayfi.
PSJ prezidenti, musobaqa davomida ayrim muammolar va qiyinchiliklar paydo bo‘lishi tabiiyligini ta’kidlar ekan, umumiy holatni ijobiy baholash lozimligini uqtirdi. “Har qanday yirik musobaqada turli qiyinchiliklar bo‘ladi. Lekin futbolning kelajagi uchun ushbu chempionat katta qadam. Turnirni tanqid qilishdan ko‘ra, uning ijobiy tomonlarini ko‘ra bilishimiz kerak”, — deydi u.
Ma’lumki, PSJ chorak finalda kuchli raqib “Bavariya”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Endilikda, fransiyaliklar yarim finalda Madridning “Real” klubi bilan final yo‘llanmasi uchun o‘zaro bellashadi. Luis Enrike shogirdlari bu uchrashuvda ham yuksak natija qayd etishni maqsad qilib qo‘ygan.
Ayni vaqtda jahon chempionati futbol biznesi, marketing va auditoriya qamrovi nuqtayi nazaridan yangi bosqichni boshlagani ta’kidlanmoqda. AQSHda o‘tayotgan bu turnir klublar uchun jahon sahnasida o‘z imkoniyatlarini yanada kengaytirish, yangi homiylar va ishqibozlar jalb etish uchun katta maydonga aylandi.
Al-Xelayfiyga ko‘ra, chempionatning muvaffaqiyati futbol olamidagi yangilik va o‘zgarishlarni rag‘batlantiradi. Muxlislar esa endi final yo‘lidagi eng qiziqarli va murosasiz uchrashuvlarni kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar