date

Maskerano: Messi hali ham aqlbovar qilmas darajada o‘ynayapti

Maskerano: Messi hali ham aqlbovar qilmas darajada o‘ynayapti
MLS chempionati doirasida o‘tkazilgan navbatdagi tur "Inter Mayami" jamoasi uchun yana bir muhum g‘alaba bilan yakunlandi. Mayamiliklar o‘z maydonida "Nyu-Inglend Revolyushn" ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. Ushbu bellashuvda asosiy qahramonlardan biri shubhasiz Lionel Messi bo‘ldi — argentinalik afsona yana bir bor maydondagi darajasini ko‘rsatib, raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qildi.

O‘yindan so‘ng klub bosh murabbiyi Xaver Maskerano shogirdi haqida katta ta’riflar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Messi bugungi kunda ham futbol tarixidagi eng ulug‘ nomlardan biri bo‘lib qolmoqda.

"Men doim aytaman: Leo — ajoyib futbolchi. U ko‘p yillardan beri butun dunyo olqishlayotgan darajada o‘ynamoqda va bu hali ham to‘xtagani yo‘q. Uning professionallik darajasi aql bovar qilmaydi. Leo kabi futbolchini tarkibda ko‘rish — biz uchun sharaf", — dedi Maskerano matbuot anjumanida.

Shu bilan birga, murabbiy Buskets va Messi o‘rtasidagi uyg‘unlikni ham alohida ta’kidladi. Ularning o‘zaro tushunishlari va maydondagi hamkorligi ikkinchi golda yaqqol namoyon bo‘lgan. "Serxio hamisha Messining to‘pni qayerda qabul qilmoqchi ekanligini biladi. Ular yillar davomida bir jamoada o‘ynab kelgan va bu o‘zaro aloqa ular o‘yinida yuksak darajada saqlanib qolgan", – deya ta’kidladi Maskerano.

Ushbu g‘alabadan so‘ng "Inter Mayami" jamoasi 35 ochko to‘plab, Sharqiy konferensiya jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi. "Nyu-Inglend Revolyushn" esa 24 ochko bilan 11-pog‘onada qolmoqda.

Keyingi turlarda Messi va jamoa qanday natijalar ko‘rsatishi — futbol ishqibozlari uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Afsonaviy argentinalikning har bir o‘yini endi ham muxlislar, ham mutaxassislar uchun alohida kuzatuv ostida bo‘lib qoladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Maskerano: Messi hali ham aqlbovar qilmas darajada o‘ynayapti