date

Fayzullayev Kubok va Superkubok sohibi bo‘lgan ilk o‘zbek futbolchisi

Fayzullayev Kubok va Superkubok sohibi bo‘lgan ilk o‘zbek futbolchisi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, “SSKA”ning hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev har bir mavsumda o‘z nomini katta sahnada yanada yorqin tarzda namoyon etmoqda. 21 yoshli legionerimiz joriy mavsumda Rossiyada yana bir muhim yutuqqa erishdi – u Rossiya Superkubogi sohibi bo‘ldi.

Avvalroq, Fayzullayev Rossiya Premer-ligasi bronza medali va mamlakat kubogini jamoasi bilan qo‘lga kiritgandi. Yangi mavsum oldidan esa unga yana bir nufuzli sovrin – Superkubok nasib etdi.

Ushbu muhim bellashuv Rossiya chempionati g‘olibi “Krasnodar” hamda mamlakat kubogi sohibini aniqlagan “SSKA” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Qozondagi neytral maydonda o‘tgan o‘yinda kuchli va murosasiz kurash kechdi. “SSKA” himoyachisi Igor Diveyevning 49-daqiqada kiritgan goli moskvaliklarga g‘alaba olib keldi.

Abbosbek Fayzullayev 79-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, jamoasining ustunligini saqlab qolishda faol ishtirok etdi. Shu tariqa, u SSKA tarkibida ikkinchi bor sovrin ko‘tarish sharafiga muyassar bo‘ldi.

Eng e’tiborlisi, Abbosbek Fayzullayev Rossiya futbolida bir yil ichida ham mamlakat kubogi, ham Superkubokni yutib olgan birinchi va hozircha yagona o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Bu esa nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi nufuzini yanada ko‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, futbolchining kelajagi haqida ham qiziqarli ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Turkiyalik jurnalist Usmon Altunterimning ma’lum qilishicha, Fayzullayev Turkiyaning yetakchi klublaridan biri – “Istanbul Bashakshehir”ga o‘tishga rozilik bergan.

Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi Istanbulga ko‘chib o‘tishni xohlamoqda va klublar o‘rtasida transfer to‘lovi bo‘yicha katta kelishmovchilik yo‘q. Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, Abbosbek Turkiya Superligasiga qadam qo‘yadi.

Qiziq tomoni shundaki, “Bashakshehir” jamoasi yaqinda boshqa o‘zbekistonlik futbolchi – Eldor Shomurodovni ham ijaraga olgan edi. Shu bois, Abbosbek yangi klubida hamyurtini topishi va bu duet Turkiyada yangi sahifa ochishi mumkin.

Hozirda “Istanbul Bashakshehir” klubi Turkiya chempionatida yuqori maqsadlar – Yevropa kuboklari yo‘llanmalari uchun kurashmoqda va yozgi transfer oynasini faol o‘tkazmoqda. Agar Fayzullayevning transferi amalga oshsa, u bu jamoa uchun muhim kuchga aylanishi mumkin.

Abbosbekning Yevropa futbol bozoridagi qadri tobora ortib borayotgani, uning mahorati va professional yondashuvi bilan izohlanadi. Uning katta maydonlardagi yurishi hali oldinda — endi esa yangi sahifa Turkiyada ochilishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev Kubok va Superkubok sohibi bo‘lgan ilk o‘zbek futbolchisi