date

Abbosbek Fayzullayevning Yevropaga yo‘li ochilishi mumkin

Abbosbek Fayzullayevning Yevropaga yo‘li ochilishi mumkin
SSKA safida yorqin o‘yinlari bilan muxlislar qalbidan joy olgan Abbosbek Fayzullayev Yevropa yo‘lidagi navbatdagi qadamini qo‘yishi mumkin. Turkiyaning so‘nggi yillarda faol transfer siyosati olib borayotgan “Istanbul Bashakshehir” klubi hujumkor yarim himoyachimizga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Avvalroq Eldor Shomurodovni o‘z safiga qo‘shib olgan “Bashakshehir” endilikda Abbosbekni ham jamoa markaziga aylantirishni rejalashtirmoqda. Bu ma’lumotlar jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Abbosbekning birinchi murabbiyi Dmitriy An ham bu masala yuzasidan o‘z fikrini bildirdi:
— Men Abbosbek bilan shaxsan uchrashib, uning rejalari haqida gaplashishni xohlardim. Albatta, klub va uning ishqibozlari uning SSKAda qolishini istaydi. Ammo bu futbol va har qanday qarorga hurmat bilan yondashish kerak. Eng muhimi, u qanday ketmasin, jamoani sharaf bilan tark etadi, – dedi mutaxassis.

Ayni paytda Abbosbekning SSKA bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali uning transfer bahosini 8 million yevro deb belgilagan. Ammo kelishuv ikki tomonning xohishiga ko‘ra yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

Fayzullayev 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga o‘tgan va shundan beri o‘zining faol o‘yini bilan jamoa asosiy tarkibidan mustahkam joy egallagan. U shu kunga qadar rossiyalik “armiyachilar” safida 72 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 22 ta assist bilan muxlislarni xursand qildi.

2025 yil Abbosbek uchun yuqori notada boshlandi. U O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqdi va bu muvaffaqiyatda muhim rol o‘ynadi.

Klub miqyosida ham katta natijalar qayd etdi: Rossiya premer-ligasi bronza medali, Rossiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u Rossiyaning ikki asosiy sovriniga ega chiqqan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Abbosbekning Yevropa yo‘li endi boshlanmoqda, ammo bu yo‘l nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

So‘nggi qaror yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi. Bir narsa aniq: bu transfer Abbosbekning faoliyatidagi eng muhim burilishlardan biri bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayevning Yevropaga yo‘li ochilishi mumkin