date

Abbosbek Fayzullayevning kelajagi borasida ikki tomonlama bahslar kuchaydi

Abbosbek Fayzullayevning kelajagi borasida ikki tomonlama bahslar kuchaydi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda SSKA klubining iqtidorli hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning yaqin kelajakdagi faoliyati hamon noaniqligicha qolmoqda.

Yevropaning ayrim obro‘li OAVlari va futbol insayderlarining ta’kidlashicha, 21 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi “Istanbul Bashakshehir” jamoasiga o‘tishi mumkin. Ushbu Turkiya klubi orqali Abbosbekning Yevropaning yetakchi chempionatlariga yo‘l olishi haqida taxminlar bildirilmoqda.

Shu bilan birga, “Istanbul Bashakshehir”ning matbuot xizmati klub rahbariyati hozircha Abbosbek Fayzullayev nomzodini ko‘rib chiqmayotganini rasman ma’lum qildi. Ammo Rossiya futbol jamoatchiligi va ekspertlari orasida bu transfer mavzusi qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

Qiziqarlisi, mutaxassislar bu masalada turli fikrlarni ilgari surmoqda.

Yevgeniy Aldonin, SSKAning sobiq yarim himoyachisi:

Fayzullayevni aynan mana shu yozda sotish SSKA uchun manfaatli bo‘lishi mumkin. Abbosbekning Rossiyadagi ilk mavsumi yorqin o‘yinlarga boy bo‘ldi. Ammo keyingi mavsumda u asosiy tarkibdagi mavqeini yo‘qotdi va kutilgan darajada o‘z o‘yinini namoyish qila olmadi.

Abbosbek o‘ta iqtidorli va kelajakli futbolchi. Uning doimiy ravishda maydonga tushib turishi zarur. Agar yaxshi shart-sharoit va klub uchun munosib taklif tushsa, bu o‘tishni amalga oshirish kerak.

Hozirgi holda Fayzullayev o‘z roli va o‘rnidan rozi emasligi ko‘rinib turibdi. Sababi — u juda kam o‘ynayapti. Bosh murabbiy Marko Nikolich taktik sxemani o‘zgartirib, Abbosning o‘yin uslubiga mos kelmaydigan modelni qo‘llashni boshladi. Bu esa uning o‘yinida pasayishga olib keldi.

Abbosbek jismonan baquvvat futbolchi emas. Shu bois, u doimiy tonusda bo‘lmasa, yakkakurashlarda samarasiz o‘ynaydi.

Timur Lepsaya, futbol mutasaddisi:

Agar men SSKA rahbariyatida bo‘lganimda, Abbosbek Fayzullayevni hozir emas, balki jahon chempionatidan so‘ng sotishni ma’qul ko‘rardim. Undan yana bir mavsum klubda qolishni so‘rar, keyinroq katta narxga transfer qilish imkoniyatini yaratib qo‘yardim. Mundial unga qimmatbaho yo‘llanma bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev 2023 yil avgust oyida SSKA bilan shartnoma imzolagan. Bu transferdan “Paxtakor” 500 ming yevro mablag‘ olgan.

Abbosbek SSKA safidagi debyut mavsumidayoq o‘zini namoyon etishga muvaffaq bo‘ldi va Rossiya Premer-ligasining eng yirik kashfiyoti sifatida tan olindi. Shuningdek, u Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi.

2024 yil Fayzullayev uchun muvaffaqiyatli yil bo‘ldi — u SSKA bilan Rossiya chempionatida bronza medaliga ega chiqdi, mamlakat kubogi va Superkubokda g‘oliblikka erishdi.

Ushbu davr mobaynida Abbosbek SSKA safida barcha musobaqalarni hisobga olganda 72 marta maydonga tushdi va 8 ta gol, 22 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayevning kelajagi borasida ikki tomonlama bahslar kuchaydi