
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va sport saytlarida “O‘zbekiston terma jamoasiga Yoaxim Lyov yoki Slaven Bilich kelishi mumkin” degan shov-shuvli xabarlar tarqaldi. Jahon futbolida nom qozongan va jiddiy tajribaga ega bu mutaxassislar haqidagi gap-so‘zlar muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi, deb xabar berdi championat.asia.
Albatta, bu masala yuzasidan eng muhim nuqtayi nazar — amaldagi bosh murabbiy Timur Kapadzening shaxsiy fikri. Undan bu borada munosabat so‘radik.
"Rostini aytsam, men ham bu haqda faqat ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar orqali bildim. Rasman menga bu borada O‘FAdan hech kim murojaat qilmadi, hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi", — dedi Kapadze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda u o‘z vazifasini sidqidildan bajarmoqda va hamon terma jamoaning bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritmoqda.
"Kimdir keladi, meni almashtiradi yoki biron o‘zgarish bo‘ladi, deb ham hech qanday rasmiy xabar berishmadi. Menga faqat bir vazifa berilgan — jamoa bilan ishlash. Shuni bajaryapman. Qolganini vaqt hal qiladi. Nasib bo‘lsa ishimizni davom ettiramiz, bo‘lmasa — boshqa imkoniyat qidiriladi", — dedi u.
Kapadze bunday shov-shuvli ma’lumotlarga faqatgina vaqt ko‘rsatadigan voqelik sifatida qaraydi. Uning fikricha, muhimi — hozirgi kunga va ishga to‘liq e’tibor qaratish.
"Feyk xabarmi yoki haqiqatmi — menda ma’lumot yo‘q. Hozircha terma jamoa murabbiyiman va ishlashda davom etyapman", — deya so‘zini yakunladi mutaxassis.
Ayni paytda esa futbol muxlislari bir savol bilan bosh qotirmoqda: O‘FA rasmiy bayonot beradimi yoki bu shov-shuvlarning ortida haqiqat bormi? Har holda, jamoada barqarorlikni ta’minlash, ishonchni saqlash va tayyorgarlikni uzviy davom ettirish muhim ahamiyatga ega. Qolganini esa faqat vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar