
O‘zbekiston futbolining uzoq yillar orzu qilingan maqsadi amalga oshdi — milliy terma jamoamiz ilk bor FIFA Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu voqelik nafaqat muxlislarni, balki butun mamlakat ahlini hayrat va g‘ururga to‘ldirdi.
Bu natija shunchaki yutuq emas — u tarixda yangi sahifani ochdi. Endi esa diqqat markazida bo‘ladigan eng muhim vazifa — Jahon chempionatiga har tomonlama puxta va samarali tayyorgarlik ko‘rish hisoblanadi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bu masalani jiddiy e’tiborga olgan holda, har bir yo‘nalishda aniq va tizimli harakatlarni boshlab yubordi. Ayniqsa, futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, raqib jamoalarni har tomonlama tahlil qilish, tibbiy xizmatni yangi bosqichga olib chiqish, murabbiylar shtabini kuchaytirish va mukammallashtirish, psixologik barqarorlikni ta’minlash — barchasi kun tartibida.
Shu bilan birga, ilmiy-tahliliy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida mashg‘ulot jarayonlarini qayta ko‘rib chiqish ham rejada bor. Bu esa terma jamoamizni musobaqaga eng yuqori sport holatida yetaklashga xizmat qilishi lozim.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda milliy jamoa haqida turli gap-so‘zlar, taxminlar, balki ba’zan asossiz ma’lumotlar tarqalmoqda. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi shuni rasman ma’lum qiladiki, hozirgi paytda tayyorgarlik jarayoni aniq reja va ichki intizom asosida olib borilmoqda. Har bir qadam aniq belgilangan va bu jarayonda tasodifga o‘rin yo‘q.
Assotsiatsiya ta’kidlaganidek, barcha rasmiy va ishonchli ma’lumotlar faqat ularning rasmiy platformalari orqali e’lon qilinadi. Bu esa shov-shuvlarga emas, faqat ishonchli manbalarga tayanishni yana bir bor eslatadi.
Futbol muxlislari va umumiy jamoatchilikdan talab etiladigan yagona narsa — jamoaga ishonch, qo‘llab-quvvatlash va yolg‘on axborotlarga berilmaslik. Chunki hozir jamoaning eng katta kuchi — birdamlik va ishonchdir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar