date

Jeyms Trafford ortiga qaytadimi? "Siti"da darvozabonlar inqirozi

Jeyms Trafford ortiga qaytadimi? "Siti"da darvozabonlar inqirozi
"Manchester Siti" jamoasida darvozabonlar masalasida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli ortib bormoqda. Futbol olamida o‘z manbalari bilan tanilgan jurnalist Fabritsio Romano tarqatgan xabarga ko‘ra, “shaharliklar” yozgi transferlar davomida posbonlar safida yo‘qotishlarga tayyor turishi lozim.

Ma’lum qilinishicha, jamoa asosiy darvozaboni Ederson hamda o‘rnini muvaffaqiyatli bosib kelayotgan Shtefan Ortegaga boshqa klublar tomonidan jiddiy qiziqish bildirilgan. Mazkur ikki kiperdan biri jamoani tark etadigan bo‘lsa, "Siti" rahbariyati bu borada allaqachon ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqqan.

Ayni paytda esa "Bernli" klubida to‘p surayotgan va avval "Siti"da tarbiyalangan yosh va umidli darvozabon — Jeyms Trafford nomzodi avvalgi jamoasi uchun qaytadan dolzarb bo‘lib qoldi. Manchesterliklar u bilan qayta shartnoma tuzish imkoniyatiga ega. So‘nggi kunlarda "Siti" va "Bernli" o‘rtasida muzokaralar ham o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Biroq bu transferda “Siti” uchun yagona to‘siq — “Nyukasl” klubi hisoblanadi. Bu jamoa ham Traffordni o‘z safiga qo‘shib olishni xohlamoqda va bu borada faol harakatlarni boshlab yuborgan. Traffordning iqtidori va barqaror o‘yini boshqa klublarni ham befarq qoldirmayapti.

E’tiborlisi, 21 yoshli darvozabon o‘tgan mavsum Chempionshipda "Bernli" safida 45ta uchrashuvda maydonga tushib, shularning 29tasini "quruq" o‘tkazdi. Bu ko‘rsatkich uning qanchalik ishonchli va tajribali ekanini tasdiqlaydi. Traffordning o‘zi esa yanada yuqori saviyada o‘ynashga tayyor ekanini bir necha bor ta’kidlagan.

Muxlislar orasida esa bu ehtimoliy qaytish yangidan-yangi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrimlar uni “Siti”ning kelajakdagi asosiy posboni sifatida ko‘rsa, boshqalar uning yana ikkinchi darajadagi o‘ringa qaytib qolishidan xavotirda.

Har holda, Jeyms Trafford taqdiri atrofidagi bu vaziyat hali bir necha kunlar davomida transfer muhokamalarining markazida bo‘lishi aniq. Traffordning “Etihad”ga qaytishi — bu “Siti” uchun kelajakda mustahkam va barqaror darvozabon masalasini hal etish bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jeyms Trafford ortiga qaytadimi? "Siti"da darvozabonlar inqirozi