
Londonning “Chelsi” klubi yangi mavsum arafasida darvozabon pozitsiyasiga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Gap shundaki, ularning diqqati hozirda PSJning asosiy posboni sanalmish Janluiji Donnarummaga qaratilgan. Bu haqda “RMC Sport” nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Yevropaning qator nufuzli klublari italiyalik darvozabonni o‘z tarkibida ko‘rish istagida. Biroq ular orasida aynan “Chelsi” klubi uni qo‘lga kiritishga eng jiddiy va qat’iy intilayotgan jamoa sifatida ajralib turibdi.
26 yoshli Donnarumma hozirda PSJ bilan amal qilayotgan shartnoma asosida 2026 yilning yoziga qadar Fransiya poytaxtida qolishi kerak. Ammo oxirgi oylarda tomonlar o‘rtasida bitimni uzaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganiga qaramay, hali hech qanday yakuniy kelishuvga erishilmagan.
Darvozabonning o‘zi Parij klubida qolishdan umidvor va u bu yerda o‘zini yetakchi posbon sifatida ko‘radi. Biroq tomonlar orasidagi asosiy to‘siq — bu maosh masalasi. Donnarumma o‘zining hozirgi shartlarini saqlab qolishni xohlamoqda, PSJ esa unga kamroq maosh evaziga bitimni uzaytirishni taklif qilmoqda.
Futbol insayderi Nikolo Skiraning xabar berishicha, parijliklar uning ish haqini qisqartirgan holda shartnomani yangilash taklifi bilan chiqishgan. Bu esa futbolchi va uning agentlari tomonidan jiddiy qarshilikka uchrayotgani aytilmoqda.
“Chelsi” esa ushbu vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Agar PSJ bilan muzokaralar inkor natija bersa, londonliklar Donnarummaga rasmiy taklif bilan chiqishi mumkin. Ayni paytda “aristokratlar” klubi yangi bosh murabbiy Enso Mareska qo‘l ostida jamoani qayta qurish jarayonida ekani ma’lum. Darvozabon pozitsiyasidagi raqobatni kuchaytirish — bu jarayonning bir qismi sanaladi.
Futbolchilar bozorida Donnarumma kabi yosh, tajribali va top darajadagi posbonlar kam uchraydi. U Italiya terma jamoasi bilan ham ko‘plab muhim musobaqalarda qatnashib, o‘zini namoyon qilgan. Shu bois uning transferi nafaqat “Chelsi”, balki butun Yevropa futbol jamoatchiligining diqqat markazida qolmoqda.
Hozircha uning kelajagi noaniq bo‘lib turibdi. Ammo bir narsa aniq — bu yozda Donnarummaning nomi transferlar bozorida eng ko‘p tilga olinadiganlardan biriga aylanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar