Bugun O‘zbekiston futbolining yetakchi klublaridan bo‘lgan “Paxtakor” hamda “Bunyodkor” jamoalari o‘rtasida navbatdagi nazorat o‘yini o‘tkazildi. Bellashuv yuqori sur’at va kurashlar bilan o‘tib, ikki jamoa ham o‘zaro kuch sinashda barobar natija qayd etdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limidayoq maydonda jiddiy kurashlar avj oldi. 10-daqiqada “Bunyodkor” jamoasining hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobni ochdi va bu goldan so‘ng “Paxtakor” futbolchilari faollikni oshirishga kirishdi. Bir necha daqiqalar o‘tib, 25-daqiqada Xojimat Erkinov hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, birinchi taym 1:1 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki klub o‘z tarkiblarini sinab ko‘rish va yangi taktikalarni ko‘rsatishga harakat qildi. Jamoalarda yosh futbolchilar va yangi transferlar ham o‘ziga xos o‘yinlari bilan ajralib turdi. Biroq, har qancha harakat bo‘lmasin, ikkinchi bo‘limda hisob o‘zgarmadi va o‘yin durang bilan yakun topdi.
“Paxtakor” ushbu bahsda quyidagi tarkibda maydonga tushdi: Vladimir Nazarov, Zayd Tahsin, Muhammadqodir Hamraliyev, Muhammadrasul Abdumajidov, Xojiakbar Alijonov, Dilshod Saitov, Sardor Sobirxo‘jayev, Diyor Xolmatov, Xojimat Erkinov, Doston Hamdamov, Igor Sergeyev.
“Bunyodkor” esa Abdumavlon Abdujalilov, Nikoloz Mali, Marko Bugarin, Najmiddin Normurodov, Narimon Ahmadjonov, Asad Rahimjonov, Martin Shroler, Ollabergan Karimov, Azizbek To‘lqinbekov, Imedia Ashortia, Temurxo‘ja Abduxoliqovdan iborat tarkibda harakat qildi.
Ushbu nazorat uchrashuvi har ikki jamoa uchun ham yangi mavsum oldidan o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tadi. Muxlislar esa, yangi transferlar va yosh futbolchilarning o‘yinlarini alohida qiziqish bilan kuzatishda davom etmoqda. “Paxtakor” va “Bunyodkor”ning keyingi bahslarida yanada yuqori sur’atlar va kutilmagan yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda.
Nazorat uchrashuvi: “Paxtakor” va “Bunyodkor” bittadan gol bilan cheklandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar