Rossiya Premer-ligasining navbatdagi mavsumi boshlanishi bilan Moskvadagi “Dinamo” klubi ham chempionlik va mamlakat kubogi uchun kurashadigan asosiy da’vogarlar ro‘yxatiga kirib keldi. Bu o‘zgarishlar klubning bosh murabbiyligiga Rossiya milliy terma jamoasi ustozi Valeriy Karpin kelishi bilan yanada katta ahamiyat kasb etdi.
Moskvaliklar yaqinda Turkiya Superligasida taniqli o‘yinchi bo‘lgan Qozog‘iston milliy terma jamoasi yetakchisi Baxtiyor Zaynutdinovni “Beshiktosh” klubidan 2,8 million yevroga sotib oldi. Bu transfer klubga yangi kuch va tajriba olib kelishi kutilayapti, deb yozadi mahalliy OAV.
Shu bilan birga, Rossiyalik jurnalist Dmitriy Yegorov Valeriy Karpin yangi jamoasida o‘zining “Rostov”dagi eski shogirdlarini birlashtirayotganiga e’tibor qaratdi. Hozirda “Dinamo” safida Karpinning qo‘l ostida Rostovda to‘p tepgan futbolchilar – Dmitriy Skopinsev, Danil Glebov va Maksim Osipenko faoliyat olib bormoqda. Ya’ni, “Dinamo” asta-sekin “Rostov”ning eski tajribali tarkibiga aylanayotgani aytib o‘tilmoqda.
Jurnalist Yegorov hazil bilan, ushbu tarkib to‘liq shakllanishi uchun faqat Eldor Shomurodov yetishmayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Zaynutdinov ham 'Dinamo'ga keldi. Valeriy Karpinning qo‘l ostida 'Rostov'da o‘ynaganlar jamlanyapti, endi tarkib to‘liq bo‘lishi uchun Eldor Shomurodov qoldi, xolos”, deb yozgan.
Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov o‘z faoliyatini O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor” klublarida boshlab, keyin Rossiya Premer-ligasida “Rostov” safida Valeriy Karpin boshchiligida yorqin o‘yinlari bilan tanilgan edi. Ayni paytda, mahoratli hujumchimiz Yevropa top-5 ligalarida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va gol urgan o‘zbek futbolchisi sifatida rekord qo‘ydi. “Jenoa”, “Spetsiya”, “Kalyari” va “Roma”dagi to‘purarlik faoliyati uni yanada yuqori bosqichga olib chiqdi.
Yangi mavsumdan Eldor Shomurodov o‘z yo‘lini Turkiya Superligasida “Istanbul Bashakshehir” klubida davom ettiradi. Muxlislar esa uning yangi safarini, Karpinning “Dinamo”da qanday natijalar qila olishini va “Rostov” ruhi bilan qayta tuzilayotgan jamoadagi o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Karpin “Dinamo”sida eski “Rostov”chilar: faqat Eldor Shomurodov yetishmayapti...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar