date

Chag‘dash Atan o‘zbek yulduzlari, pley-off, maqsad va rejalar haqida gapirdi

Chag‘dash Atan o‘zbek yulduzlari, pley-off, maqsad va rejalar haqida gapirdi

Yevropa futbol muhitida navbatdagi qizg‘in kun: bugun Turkiyaning mashhur “Istanbul Bashakshehir” jamoasi UYEFA Konferensiyalar ligasi ikkinchi saralash bosqichi javob uchrashuvida Bolgariyaning “Cherno More” klubiga qarshi maydonga tushadi. Jamoadagi asosiy e’tibor esa – o‘zbek milliy terma jamoasining yetakchi hujumkorlari Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevga qaratilgan.

Safarda o‘tgan ilk bahsda “Bashakshehir” raqibini 1:0 hisobida mag‘lub etgan va aynan o‘sha o‘yinda Eldor Shomurodov jamoada rasmiy debyutini nishonlagan edi. Endi esa jamoa va muxlislar oldida asosiy maqsad – keyingi bosqichga yo‘l olish.

Bosh murabbiy Chag‘dash Atan bu muhim uchrashuv oldidan o‘zining to‘liq fikr va xulosalarini baham ko‘rdi:

— Biz yana xalqaro maydonda o‘z sinovimizni davom ettirayapmiz va bu musobaqada qatnashishdan faxrlanamiz. Oxirgi mavsumda pley-offda ijobiy natijalar qayd etgan edik va bu safar ham o‘tgan yilgi muvaffaqiyatlarni takrorlashni istayapmiz.

Chag‘dash Atan raqib haqida shunday fikr bildirdi:

— “Cherno More” — yaxshi shakllangan va taktik jihatdan pishiq jamoa. Ularning o‘yinini chuqur tahlil qildik. Raqib jamoa bosh murabbiyi o‘yinni yaxshi o‘qiy oladi, bu esa biz uchun jiddiy sinov bo‘ladi.

Birinchi uchrashuv tafsilotlariga to‘xtalar ekan, Atan quyidagilarni qayd etdi:

— Ilk bahsda jamoamiz yaxshi o‘ynadi, 4-5 ta xavfli vaziyat yaratdik. Yanada ko‘proq gol urish imkoniyatlarimiz bo‘ldi, biroq jamoa himoyada ham ancha ishonchli harakat qildi. Natijadan qoniqdim, lekin o‘ylaymanki, bo‘lajak bahsda o‘yinga yanada jiddiy yondashishimiz talab qilinadi. Har bir maydonga chiqishimizda, maqsad — faqat g‘alaba va keyingi bosqichga yo‘l olish.

“Istanbul Bashakshehir” safida o‘zbek futbolchilarining ko‘payishiga alohida to‘xtalar ekan, Chag‘dash Atan quyidagicha fikr bildirdi:

— Biz jamoaga o‘zbek futbolchilarini jalb etdik va bu o‘z navbatida turk muxlislari bilan bir qatorda o‘zbek futbol ishqibozlarining ham stadionga kelishiga turtki bo‘ldi. Turkiyada o‘zbeklar ko‘p, shuning uchun bu bahsda ko‘plab yangi fanatlarimiz stadionda qo‘llab-quvvatlaydi deb kutyapmiz.

— Tabiiyki, muxlislarni jalb etishda maydondagi futbol shiddati, kombinatsion o‘yin va intizom ham katta ahamiyat kasb etadi. Biz o‘zimizning eng kuchli jihatlarimizni ko‘rsatishga intilamiz. Ilk uchrashuvdagi natija biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Hozir biz raqibga nisbatan biroz yaxshi vaziyatdamiz, lekin hali hech narsa hal qilingani yo‘q.

Pley-off sari yo‘ldagi rejalar haqida ham shunday dedi:

— Pley-off bosqichiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Javob uchrashuvida g‘olib chiqib, xalqaro musobaqada yo‘limizni davom ettirishni maqsad qilganmiz. Yevropa turnirida tajribaga egamiz va xatolarimiz ustida doim ishlaymiz. Bizning rejamiz — xatolarni bartaraf qilish, turnir formatiga moslashib, har bir bellashuvda olg‘a intilish. Bu yil o‘tgan mavsumda erisholmagan maqsadlarimizni amalga oshirish niyatidamiz.

Jamoaning transfer siyosatiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi:

— Juda muhim transferlarni amalga oshirdik, yangi va kuchli hujumkor futbolchilarni jamoaga qo‘shib oldik. Endi markaziy hujum chizig‘imizda ham variantarimiz ko‘paydi. Ayrim uchrashuvlarda ikkita markaziy hujumchi bilan o‘ynashni reja qilyapmiz. Barcha o‘yinchilarimdan mamnunman, ularga ishonaman.

Eldor Shomurodov haqida fikrlar:

— Eldor Shomurodovning salohiyati, maydondagi jangovar xarakteri va milliy terma jamoadagi natijalari mening alohida e’tiborimni tortdi. Uning kelishini uzoq vaqt kutgan edim, Eldor men uchun juda muhim futbolchi. Shuningdek, u Turkiya chempionatini yaxshi biladi va maydonda tajribasi katta ahamiyatga ega.

— Hujum chizig‘idagi raqobat kuchaygan, har bir o‘yinchi o‘z imkoniyatini ko‘rsatishga intilayapti. Shomurodovning holati 100 foizga yaqin, u to‘liq tayyor. Yevropa musobaqalarida uzoqroq ishtirok etish — jamoamiz uchun strategik maqsad.

— Biz hujumkor futbolni afzal ko‘ramiz, o‘tgan mavsumda eng ko‘p gol urgan jamoalardan biri bo‘lganmiz. Hisobda oldinda bo‘lsak ham, hujumda faollikni yo‘qotmaymiz, raqibni qiyin ahvolga solishga harakat qilamiz.

— Jamoamiz va men muxlislarga doimo tinimsiz kurash, o‘zbek yulduzlari orqali yangi g‘alabalar va haqiqiy futbol his-tuyg‘ularini ulashishni maqsad qilganmiz.

Ushbu yirik uchrashuv Toshkent vaqti bilan 22:45 da start oladi. “Istanbul Bashakshehir” o‘z maydonida yana bir muhim sinovdan o‘tadi. Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning yangi jamoadagi har bir harakati, jamoa strategiyasi va natijalari futbol ishqibozlarini yangi mavsum oldidan yanada katta qiziqish bilan stadionga chaqirmoqda.

Yangi transferlar, mustahkam maqsad va aniq rejalar bilan “Bashakshehir” Yevropadagi yo‘lini faol va ishonchli qadamlar bilan davom ettirishni niyat qilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Chag‘dash Atan o‘zbek yulduzlari, pley-off, maqsad va rejalar haqida gapirdi