date

"Bunyodkor" maydoni atrofidagi tortishuv: konsertlar yoki futbol?

"Bunyodkor" maydoni atrofidagi tortishuv: konsertlar yoki futbol?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va futbol muxlislari orasida "Bunyodkor" stadioni maysasi haqida qizg‘in bahslar davom etmoqda. Bu muhokamalarning avj olishiga 7 avgust kuni shu arenada jahon sahnasidagi eng mashhur yulduzlardan biri — Jennifer Lopes tomonidan berilgan yirik konsert sabab bo‘ldi.

Kimdir: “Maydon butunlay izdan chiqdi, futbol uchun yopiq bo‘lib qoldi”, — deb norozilik bildirsa, boshqalar: “Stadion — xalqniki, u yerda konsert o‘tkazishga ham haqqimiz bor”, — deya himoyaga o‘tmoqda.

Rostdan ham, stadion xalqnikidir, ammo xalqniki bo‘lgan boylikni yo‘q qilish emas, asrab-avaylash lozim. Axir u biror shaxsning shaxsiy mulki emas, balki umumiy madaniy va sport merosidir.

Ayrimlar: “Chet ellarda ham stadionlarda konsertlar bo‘ladi-ku”, — deyishadi. Lekin savol tug‘iladi: ular o‘sha chet davlatlarda gazonni qanday muhofaza qilishini biladilarmi? Masalan, “Real”ning “Santyago Bernabeu” stadionida maxsus inshoot orqali maydon to‘liq yer ostiga tushiriladi. Yer ostida esa gazonni parvarish qilish uchun barcha zamonaviy sharoitlar mavjud.

Shuning o‘ziga qaramay, 2024 yilda ushbu maydonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ko‘plab konsertlar mahalliy aholi tomonidan shovqin va tirbandliklar haqidagi shikoyatlar tufayli bekor qilingan. Yo‘llar yopilishi, tirbandliklar va tinchlikning buzilishi ularni charchatgan bo‘lishi mumkin.

Maysasi yig‘iladigan stadionlar nafaqat Ispaniyada, balki Germaniya, Yaponiya va Angliyaning “Tottenhem” klubida ham mavjud.

Biroq maydoni ko‘chirib bo‘lmaydigan stadionlar boshqa yo‘lni tanlaydi. Masalan, Londondagi mashhur “Uembli” stadionida gazon ustiga maxsus qimmatbaho TerraTrakPlus panellari yotqiziladi. Ushbu texnologiya orqali hatto 80 tonna og‘irlikdagi kranlar ham sahna qurish uchun kirib ishlashi mumkin, biroq gazonga hech qanday zarar yetkazilmaydi. Montaj jarayoni tugagach, maydonga yorug‘lik o‘tkazuvchi TerraFlor panellari qo‘yiladi. Ular tomoshabinlar va texnik xodimlar harakatini ta’minlagan holda maydonni asrab qoladi.

Albatta, bunday xizmatlar arzon emas. Bizda esa bu kabi zamonaviy texnologiyalar ishlatilgan yoki yo‘qligi noma’lum. Ma’lum bo‘lgani shundaki, unchalik og‘ir bo‘lmagan sahna ham maydonning drenaj tizimini ishdan chiqargan va gazonning katta qismi shikastlangan.

Natijada, O‘zbek futboli uchun ko‘plab iqtidorli yoshlar yetishtirgan “Bunyodkor” klubi endi o‘z uy o‘yinlari uchun boshqa maydon izlashga majbur bo‘ldi. “Bunyodkor” balki bunga ko‘nikishi mumkin, ammo savol shundaki — jahon chempionatiga ilk bor yo‘llanma olgan va CAFA musobaqasini o‘tkazishi kutilgan milliy terma jamoamiz qayerda o‘ynaydi? — deb yozdi "Paxtakor" klubi sport direktori Ravshan Salimov telegramdagi sahifasida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Bunyodkor" maydoni atrofidagi tortishuv: konsertlar yoki futbol?