Tailand poytaxti Bangkok shahrida qizg‘in tarzda o‘tayotgan 22 yoshgacha bo‘lgan bokschilar va yoshlar (U-19) o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘zining eng marra bosqichiga — final janglariga kirdi.
Bugundan boshlab ringda hal qiluvchi bellashuvlar start oldi. Ilk kuniyoq Yoshlar (U-19) toifasidagi jamoalar Osiyo chempioni unvoni uchun kurashga tushdi. Muxlislar tomonidan katta qiziqish bilan kutilgan bu final bahslarida yurtdoshlarimiz ham maydonga chiqishdi va g‘urur uyg‘otar natijalar qayd etishdi.
— Avvalo, -65 kg vazn toifasida jang qilgan Jahongir Zayniddinov hindistonlik Mausam Suhagni butunlay imkoniyatsiz qoldirdi. Hakamlar yagona qaror bilan 5:0 hisobini e’lon qildilar va Jahongir oltin medalga ega chiqdi.
— Shuningdek, -70 kg vazndagi hal qiluvchi bahsda Abdulaziz Jo‘raqulov qozog‘istonlik Ashirbay Bibarisni 4:1 hisobida mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan sharafli unvonga ega bo‘ldi.
— Biroq -75 kg vazn toifasida ringga chiqqan Muhammadjon Yaqupboyev bu safar omadsizlikka uchradi. Hindistonlik raqibi Rahul Kundudan 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan bokschimiz kumush medal bilan cheklandi.
— -80 kg vaznda Norbek Abdullayev o‘ziga ishonch bilan harakat qildi. Qozog‘istonlik Timur Taibekovga qarshi jangda 4:1 hisobida ustun kelib, Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritdi.
— Samir Sobirov esa -85 kg vazn toifasidagi finalda qozog‘istonlik Nursultan Kistaubayni aniq va ustun zarbalar bilan yengdi. Hakamlar 5:0 hisobini qayd etishdi va Samir ham oltin medal bilan taqdirlandi.
— Yakuniy vazn toifasida — +90 kgda Islam Salihov ham muxlislar umidini oqladi. U Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan Orxan Aghayevga qarshi jangda hakamlarning yakdil qarori bilan zafar qozondi va yurtimiz hisobiga yana bir oltin medalni qo‘shdi.
Bangkokdagi bu final kechasi, shubhasiz, yurtdoshlarimiz uchun esda qolarli kunlardan biri sifatida tarixda qoladi. Muxlislarimiz ringdagi shunday quvonchli daqiqalar yana ko‘payajagiga umid qiladilar.
Osiyo chempionati. Yosh bokschilarimiz Bangkokdagi finallarni "yondirdi"...
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar