date

Arne Slot "Kristal Pelas"ga uchralgan mag‘lubiyatg haqida nimalar dedi?

Arne Slot "Kristal Pelas"ga uchralgan mag‘lubiyatg haqida nimalar dedi?

Angliya Superkubogida "Kristal Pelas" jamoasiga qarshi maydonga tushgan "Liverpul" kutilganidek g‘alaba qozona olmadi va mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan so‘ng klub bosh murabbiyi Arne Slot matbuotga o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu bahs jamoa uchun ham ijobiy, ham salbiy jihatlardan iborat bo‘ldi.

Slotning aytishicha, raqibning zich himoya uslubiga qarshi harakatda "Liverpul" o‘tgan mavsumga nisbatan sezilarli darajada yaxshilangan. — “Agar o‘tgan mavsumdagi ko‘rsatkichlar bilan taqqoslasak, o‘sha paytda biz "Kristal Pelas" darvozasiga birgina gol urgan bo‘lsak, bugun ikki bor nishonga tegizdik. Ya’ni, zich himoyaga ega jamoaga qarshi ko‘proq hujumiy imkoniyatlar yarata oldik. Bu — ijobiy holat”, — dedi murabbiy.

Biroq u ayni paytda himoyadagi kamchiliklarni ham yashirmadi. Uning ta’kidlashicha, "Atletik"ga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi, bu safar ham ikki bor to‘p o‘tkazib yuborildi. “Hatto "Milan"ga qarshi bellashuvda undan ham ko‘proq gol o‘tkazganmiz. Demak, himoya chizig‘ini kuchaytirishda hali ishlarimiz bisyor. Birinchi golimiz jamoaviy harakat, kreativlik va kombinatsiyali o‘yin samarasi bo‘ldi. Bu — o‘tgan mavsumdagiga nisbatan aniq bir qadam olg‘a siljish degani”, — deya qo‘shimcha qildi Slot.

Murabbiyning fikricha, o‘tgan mavsumda jamoa imkoniyatlar yaratish bilan birga, imkon qadar kam gol o‘tkazishni maqsad qilgan bo‘lsa, bu yil hujumda faollik oshgan, ammo shu bilan birga o‘tkazib yuborilgan gollar soni ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. “Agar chempionlikka da’vogar bo‘lishni istasak, asosiy e’tibor raqibning hujum imkoniyatlarini cheklashga qaratilmog‘i lozim. Gol o‘tkazmaslik — maqsad, biroq buning uchun hujumnigina emas, himoyadagi ishonchlilikni ham ta’minlash zarur. Bugungi kundagi yo‘qotishlar g‘alabani qo‘ldan boy berishga yetarli bo‘ldi”, — dedi u.

Slot shuningdek, “Liverpul”ning bosim ostida qolish ehtimoli haqidagi savolga ham javob qaytardi. “Biz — "Liverpul"miz. Bu, ko‘p futbolchi yollaganimiz yoki ularni tark etgani bilan bog‘liq emas. Ha, bir necha o‘yinchimiz bilan xayrlashdik va yana bir yangi futbolchini tarkibga qo‘shish niyatimiz bor. Lekin qay holatda bo‘lmasin, agar sen "Liverpul" libosida bo‘lsang, bosim har doim sen bilan birga bo‘ladi”, — deya so‘zini yakunladi klub bosh murabbiyi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arne Slot "Kristal Pelas"ga uchralgan mag‘lubiyatg haqida nimalar dedi?